Navoiy viloyati: islohot, imkoniyat va samara
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar o‘z samarasini bermoqda. Buni Navoiy viloyatidagi o‘zgarishlar, yangilanishlar, erishilayotgan yuqori iqtisodiy ko‘rsatkichlar misolida ko‘rish mumkin.
Navoiy viloyatida so‘nggi besh yilda sanoat korxonalari soni 1429 taga oshib 4378 taga yetdi. Ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hajmi 102,1 trillion so‘mni tashkil etmoqda. Viloyatda keyingi uch yilda ishsizlik darajasi 8,8 foizdan 5 foizga, kambag‘allik 9,2 foizdan 6,5 foizga tushgan.
Tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va biznesni yuritish uchun qulay muhit yaratish borasida viloyatda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Натижада bugungi kunda viloyatda 27 mingta tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat yuritmoqda. Viloyatning barcha hududlarida zamonaviy, yirik mahalliy va xorijiy korxonalar ko‘paymoqda. Ular tomonidan 600 million dollar miqdorida xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgan.
Viloyatda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratilib, eksport hajmi yildan yilga oshmoqda. Jumladan, 2021 yilda viloyat hududidan 153 million dollarlik eksport amalga oshirilgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 238,1 million dollarni tashkil etmoqda. E’tiborlisi, eksport qamrovi kengaygan, ya’ni davlatlar soni 28tadan 47 taga yetgan.
[gallery-20110]
Axborot texnologiyalarni rivojlantirish, raqamlashtirish jarayonini tezlashtirish masalasi ham dolzarb vazifalardan biridir. Hozirda 50 nafar IT-Park rezidentlari tomonidan 3,1 million dollarlik IT xizmatlari eksporti amalga oshirilgan. Joriy yilda Navoiy shahridagi 3 ta chorrahada sinov tariqasida sun’iy intellekt texnologiyalari asosida “Aqlli chorraha” tizimi joriy etilgan. 2025 yilda yana 10 ta chorrahani sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llagan holda boshqarish rejalashtirilmoqda. “Yagona tez tibbiy yordam” axborot tizimini joriy etish borasida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Bu aholidan bo‘ladigan qo‘ng‘iroqlarni markazlashgan holda qabul qilish va chaqiruvlarni viloyat bo‘yicha tashkil etilgan 95 ta tibbiy yordam brigadalarining planshetlariga bevosita yuborishga xizmat qilmoqda.
Viloyatda xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish, bozorlarga sara qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berish ham nazoratda. Jumladan, yangi yer maydonlarining o‘zlashtirilishi, dehqon xo‘jaliklari uchun yer maydoni ajratilishi natijasida 59,4 ming nafar aholi ish bilan ta’minlandi. Qo‘shimcha 147,6 ming tonna oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirildi. Sohada oxirgi uch yilda qiymati 1,3 trillion so‘m bo‘lgan 406 ta loyiha amalga oshirildi. Misol uchun, Nurota tumani “Fhh gardin flower” MCHJda qiymati 11 milliard so‘mlik lavanda yetishtirish, Navbahor tumani “Pure nature oils” MCHJda qiymati 58 milliard so‘mlik o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Aholi turmush farovonligini oshirish, uy-joyga bo‘lgan ehtiyojni qondirish maqsadida viloyatda ko‘p qavatli uy-joylar qurilib, yangi massivlar tashkil etilmoqda. Keyingi uch yilda 8781 ta xonadondan iborat 142 ta, shundan, 2024 yilda 1862 xonadonli 38 ta yangi ko‘p qavatli uy-joylar qurilib foydalanishga topshirildi. Ta’kidlash o‘rinliki joriy yilda qariyb 450 gektar maydonda “Yangi Navoiy shaharchasi” qurilishi boshlangan. Shaharcha hududida ko‘p qavatli uy-joylar, maktab va bog‘chalar, poliklinika va madaniyat ob’ektlari, sayilgoh va avtoturargohlar qurilmoqda.
Infratuzilmani yanada yaxshilash, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash, mavjud yo‘llarni ta’mirlash ishlari ham doimiy e’tiborda. Soha mutasaddilarining ta’kidlashicha, oxirgi uch yilda 1371,8 kilometr yangi ichimlik suvi tarmoqlari tortilib, markazlashgan ichimlik suvi bilan qamrov darajasi 68,2 foizdan 85 foizga yetkazilgan. 2833 kilometr avtomobil yo‘llari qurilgan. Ichki yo‘llarni yaxshilash maqsadida 1948,3 kilometr yo‘llarda ta’mirlash ishlari olib borilgan. 1802,1 kilometr elektr uzatish tarmoqlari, 3 dona nimstansiya hamda 476 dona transformator punktlari yangidan qurilgan. Bu 15 mingdan ziyod aholi, 3 mingdan ortiq ulgurji iste’molchilarning energiya ta’minotini yanada yaxshilagan.
Yurtimizda ta’lim tizimini bugungi davr talablariga muvofiqlashtirish, yuksak ma’naviyatli, bilimli yosh avlodni tarbiyalash borasida ham ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Bugun hattoki, eng chekka qishloqlarda ham zamon talablariga javob beradigan, barcha o‘quv va laboratoriya jihozlari bilan jihozlangan, shaharlardagidan qolishmaydigan o‘quv maskanlari qad rostlamoqda. Ularda ozod va obod Vatanimizning baxtli farzandlari ta’lim-tarbiya olmoqda. O‘tgan uch yilda viloyatda 8 ta maktab yangidan qurib foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, 92 ta maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Bugungi kunda 378 ta ta’lim maskanida 187 ming 656 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Shuningdek, so‘nggi uch yilda viloyatda 304 ta yangi maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etilgan. Ayni paytda ularning soni 1431 taga yetgan.
Mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, sohadagi sub’ektlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Navoiy viloyati ham yuqori turizm salohiyati bilan boshqa hududlardan ajralib turadi. Bugungi kunda viloyatdagi ko‘plab ziyoratgohlardan xorijlik va mahalliy sayyohlar qadami uzilmaydi. Ayniqsa, Nurota chashmasi, Sarmishsoy butun dunyoga mashhur. Bu yerga doimiy sayyohlar tashrif buyuradi. Sentobsoy, Aydarko‘l, To‘dako‘l kabi dam olish maskanlarida ham turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2022-2024 yillarda viloyatda 395 milliard so‘mlik 129 ta turizm loyihasi ishga tushirilgan bo‘lsa, 340 kilometr masofada 60 ta ob’ektdan iborat 14 ta turizm yo‘nalishini o‘z ichiga olgan Navoiy “turizm halqasi” ishlab chiqildi. Nurota tumanidagi Sentob qishlog‘i UNWTO (Butun jahon turizm tashkiloti)ning Samarqand sammitida “Eng yaxshi turizm qishlog‘i” deb e’lon qilindi va butunjahon turizm qishloqlari ro‘yxatiga kiritildi. “Raboti Malik”, “Sardoba”, “Mirsaid Bahrom”, “Qosim Shayx”, “Mavlono Orif Degaroniy” madaniy meros ob’ektlari YUNESKOning Butunjahon madaniy merosi yodgorliklari ro‘yxatiga kiritildi. “Qizilqum safari” va “Qizilqum kemel travel” MCHJlar tomonidan Aydarko‘l bo‘yida turizm klasteri tashkil etildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi uch yilda viloyatga tashrif buyuruvchi xorijiy sayyohlar soni 20, mahalliy sayyohlar soni 6 barobarga ko‘paygan.
Bir so‘z bilan aytganda, Navoiy viloyati hududlarida sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohasi yildan yilga yuksalmoqda. Har bir tuman va shaharning “o‘sish nuqtalari”ni belgilash, ijtimoiy sohani rivojlantirish orqali aholi salomatligi hamda turmush darajasini yanada yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari