Navoiy davlat universitetining xalqaro hamkorlik imkoniyatlari kengaymoqda
Navoiy davlat universiteti va Belarus Respublikasining Gomel davlat tibbiyot universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi hamda 2026-2029-yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” imzolandi.
Mazkur kelishuv ta’lim, ilm-fan va akademik almashinuv sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Xususan, Navoiy davlat universitetining “Davolash ishi” va “Pediatriya” ta’lim yo‘nalishlari talabalari uchun akademik almashinuv dasturlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Hamkorlik doirasida talabalar uchun onlayn va oflayn shaklda ma’ruza mashg‘ulotlari o‘tkazish, bepul yozgi maktablar tashkil etish kabi muhim tashabbuslar ham ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 3+3 shaklda bakalavriat va 1+1 shaklda magistratura qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish orqali xalqaro darajada raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash maqsad qilingan.
Tomonlar ilmiy tadqiqotlar sohasida ham yaqin hamkorlik qilishga kelishib oldilar. Jumladan, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, xalqaro grantlar tanlovlarida birgalikda ishtirok etish va ilmiy tajriba almashish kabi yo‘nalishlar belgilandi.

Bu hamkorlik nafaqat tibbiyot ta’limi sifati oshishiga, balki Navoiy davlat universitetining xalqaro nufuzini mustahkamlashga, talabalar uchun yangi akademik imkoniyatlar yaratishga va ilmiy salohiyatni yuksaltirishga xizmat qiladi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri