Navoiy – bebaho xazina
Fidoyi va zahmatkash olim Hamid Sulaymon saʼy-harakati bilan muzey fondini tashkil etish va boyitishga erishilgan.
Moziydan sado
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi hamisha oʻquvchilar, talaba-yoshlar, tadqiqotchilar, soʻz sanʼati muxlislari bilan gavjum. Muzey koʻp asrlik oʻzbek adabiyoti bilan bogʻliq boʻlgan qoʻlyozmalar, turli hujjatlar, rasmlar, xotiralar, fotosuratlarni oʻzida toʻplovchi, saqlovchi va koʻrgazmali materiallar tarzida namoyish etuvchi noyob madaniy-maʼrifiy va ilmiy dargoh sanaladi.
Fidoyi va zahmatkash olim Hamid Sulaymon saʼy-harakati bilan muzey fondini tashkil etish va boyitishga erishilgan. Folklor ekspeditsiyalarini uyushtirish va ilmiy safarlar yoʻli bilan mamlakatimizning shahar va viloyatlaridagi, xorijdagi oʻzbek adabiyotiga oid materiallarni topib, mikrofilmlar tayyorlash orqali muzeyning yagona qoʻlyozmalar xazinasi va mikrofilmlar fondi barpo etilgan.
Koʻp yillik tarixga ega boʻlgan ushbu muzey koʻrgazmalar fondida tasviriy va oʻymakorlik sanʼat asarlari, portretlar, noyob arxeologik yodgorliklar, xalq amaliy sanʼati namunalari namoyish qilinmoqda.
Muzey binosining oʻzi ham betakror meʼmoriy yechimi bois noyob arxitektura obyekti sanalishi bilan birga Xalqaro muzeylar kengashi – IKOM tashkiloti aʼzosidir.
Ulugʻ mutafakkir nomi bilan bogʻliq ushbu maskanda Alisher Navoiyning hayoti, ijodi, serqirra faoliyati, oʻsha davrdagi tarixiy sharoit, ijtimoiy-siyosiy muhit haqida batafsil maʼlumotga ega boʻlish mumkin.
Maʼlumki, Navoiy shaxsiyati, hayoti, faoliyati temuriylar bilan bevosita bogʻliqdir. Shu bois Amir Temur va temuriylar saltanati, ularning jahon sivilizatsiyasidagi oʻrni xususida ham bu yerdagi maxsus ekspozitsiya orqali batafsil maʼlumotga ega boʻlish mumkin. Daho shoir tavallud topgan Hirot shahrining tarixiy manbalarga asoslanib yaratilgan kartinasi, Alisher Navoiy umri davomida boʻlgan shaharlarning xaritasi uning el-yurt dardu tashvishiga yoʻgʻrilgan hayotidan soʻzlaydi. Navoiy asarlari buyuk merosning gʻoyat boyligi, koʻlami kengligini anglatadi. “Lison ut-tayr”, “Xazoyinul-maoniy”, “Badoeʼ ul-bidoya”, “Xamsa”, “Munshoat”, Navoiy asarlarining toʻliq va mukammal toʻplami, nodir qoʻlyozmalardan fotonusxalar, goʻzal miniatyura asarlari, xattotlik namunalari har bir insonda hayrat uygʻotishi shubhasiz. Ularni oʻrganish va targʻib etishga Hamid Sulaymonov, Porso Shamsiyev, Aziz Qayumov, Saidbek Hasanov va boshqa koʻplab navoiyshunos olimlarning mehnatu mashaqqati, izlanishlari singgan. Navoiy asarlarining turli mamlakatlarda oʻrganilishiga doir maxsus stend shoir merosiga jahon miqyosida boʻlgan ulkan qiziqish va eʼtibordan darak beradi.
Insonparvarlik, donishmandlik, adolat, xolislik, halollik, yurtga muhabbat, komillik sari intilish kabi gʻoyalarga yoʻgʻrilgan bu bebaho meros hali hamon oʻz dolzarbligi, tarbiyaviy ahamiyati, hikmati bilan jahon ahlini hayratda qoldirib kelmoqda. Navoiyning ustozlari, shoir gʻazallariga ishlangan goʻzal devoriy surat ustoz musavvir, Oʻzbekiston xalq rassomi Chingiz Ahmarov tomonidan yaratilgan. Muzeyni oʻziga xos nodir asarlar tasviriy galereyasiga qiyoslasa arziydi. Negaki, bu yerda Chingiz Ahmarovning nodir suratlari bilan birga Lutfulla Abdullayev, Neʼmatilla Qoʻziboyev, Temur Saʼdullayev va boshqa koʻplab mashhur musavvirlarning tarixiy mavzudagi eng sara asarlari bilan tanishish mumkin.
Muzeyda Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiga doir maxsus ekspozitsiya zali ham mavjud. Bu zal 1991-yil qayta rekonstruksiya qilingan. Uni naqshlar, devoriy bezaklar bilan bezashda mohir ijodkorlar bilan birgalikda yosh rassomlar ham faol hissa qoʻshgan. Bobur haykali, uning siymosi, bolaligi, goh zafarli, gohi magʻlubiyatli yurishlari aks ettirilgan kartinalar, pannolar, devoriy suratlar tomoshabinda katta qiziqish uygʻotishi shubhasiz. Hatti Bobur – shoir joriy etgan alifbodan namuna, “Boburnoma”, “Mubayyin” va boshqa asarlar, dilbar va betakror gʻazallari, boburshunoslikka oid tadqiqotlar, kitob va ilmiy ishlar adabiyot muxlislarini befarq qoldirmaydi.
Sir emaski, istiqlol yillarida Bobur merosini oʻrganish yangi pogʻonaga chiqdi. Muzeyning olimlari tomonidan diniy mavzudagi asar boʻlgan “Mubayyin” asarining noyob nusxasi turkiyalik olimlar bilan hamkorlikda oʻrganilib, nashr etildi. Muzey olimlari Bobur fondi olimlari bilan hamkorlikda yaratilgan Bobur ensiklopediyasining birinchi nashrlarini tayyorlashda faol ishtirok etgan.
Mazkur muzey nainki maʼrifat maskani balki, ilmiy muassasa ham sanaladi. Bu dargohda muzey oʻzbek adabiyoti tarixi boʻyicha tadqiqotlar olib boradigan alohida boʻlimlarga ham ega. Qoʻlyozma va toshbosma kitoblar boʻlimida qoʻlyozmalar adabiy manbashunoslik nuqtayi nazaridan ham oʻrganiladi. Yaʼni oʻzbek adabiyoti tarixiga daxldor ijodkorlar, shoir va adiblarning qoʻlyozmalari mukammal tatqiq etiladi. Ilmiy jamoatchilikka tanishtiriladi hamda juda noyob qoʻlyozmalarni faksimile nashrga tayyorlash ishlari ham olib boriladi. Faksimile nashr mutaxassislarga manba bilan ishlashda qulay imkoniyat yaratishi bilan ahamiyatlidir.
Muzeyda Oʻzbekiston yozuvchi va shoirlari, adabiyotshunoslarining arxivlarini oʻrganish boʻyicha ham muayyan ishlar olib borilmoqda. Ushbu arxiv materiallari ilmiy tavsifdan oʻtkazilib, hujjatlashtiriladi hamda uning asosida katalog sifatida nashr etiladi. Masalan, oʻzbek navoiyshunosligining yorqin vakillaridan biri, Navoiy asarlarini bugungi alifboda oʻqishga tayyorlagan olim Porso Shamsiyevning arxivi nashr etilgan. Porso Shamsiyev shaxsiy arxivining katalogida navoiyshunos olimning arxivi toʻliq tavsifdan oʻtgan. Shu bilan birga, navoiyshunos olim Natan Mallayevning arxivi ham toʻliq nashr etildi. Bundan koʻzlangan maqsad olimning ijodiy laboratoriyasiga kirish, u bilan batafsil tanishish, turli sabablarga koʻra nashr boʻlmay qolgan ishlarini, ilmiy tadqiqotlarini nashrga tayyorlash va adabiy, ilmiy jamoatchilikka yetkazishdan iboratdir.
Bu kabi maʼrifat maskanlari boy va betakror merosimizdan bahramand boʻlish bilan birga, yoshlarda ulugʻ bobolarimizga munosiblik masʼuliyatni kuchaytirish, yosh avlod maʼnaviyatini yuksaltirishda, adabiyotga, yaxshi kitobga boʻlgan mehrini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.