Navbat – mintaqaviy bosqichga
“Sport – salomatlik garovi” shiori ostida o‘tkazilayotgan respublika spartakiadasining Buxoro viloyati bosqichi g‘oliblari aniqlandi.
“Sport – salomatlik garovi” shiori ostida o‘tkazilayotgan respublika spartakiadasining Buxoro viloyati bosqichi g‘oliblari aniqlandi.
Kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi viloyat kengashi tomonidan tashkil etilgan musobaqada havaskor sportchilar suzish, stol tennisi, badminton, shaxmat, shashka va voleybol bo‘yicha o‘zaro bahslashdi.
– Korxona, tashkilot va muassasalarda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, xodimlar o‘rtasida sportni ommalashtirish orqali ularni jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishga jalb etishga katta e’tibor qaratilayotir, – deydi kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Maqsud Shukurov. – Mehnat jamoalarida xodimlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishda sportning alohida o‘rni bor. Sohamiz tizimida o‘tkazilayotgan turnir va spartakiadalar ishchi-xizmatchilarning ommaviy sportga qiziqishini yanada oshirishga xizmat qilayotir.
Erkaklar va ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan spartakiadada suzish, stol tennisi, badminton va shashka-shaxmat bo‘yicha M.Murodova, X.Rajabov, G.Siddiqova, F.Choriyev, Yu.Sidixara, I.Hasanov, D.Po‘latova, Ya.Sobirov, M.Musayeva, M.Suvonov g‘olib chiqdi.
Musobaqaning faqat xotin-qizlar jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan voleybol bahslarida olotlik raqibalaridan ustun kelgan Shofirkon tumani vakillari birinchi o‘rinni egalladi.
G‘oliblar endi “Sport – salomatlik garovi” spartakiadasining Buxoroda o‘tkaziladigan mintaqaviy bosqichida viloyat sharafini himoya qiladi.