“Navbahor” mavsumga tayyor
2024 yil mamlakat milliy chempionati superligasi starti oldidan Namangan shahridagi “Pahlavon” sport majmuasida “Navbahor” futbol jamoasining taqdimoti o‘tkazildi.
Ikki mingga yaqin millionlar o‘yini ixlosmandlari guvohligida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda klubning yangi mavsum rejalari, jamoa tarkibi va murabbiylar shtabi a’zolari tanishtirildi.
“Navbahor” yangi mavsumga munosib tayyorgarlik ko‘rdi. Namanganliklar dastavval o‘zimizda, keyinchalik Turkiya davlatida xalqaro o‘quv yig‘inini o‘tkazdi. Qozog‘iston, Rossiya, Janubiy Afrika Respublikasi, Braziliya, Eron mamlakatlari jamoalariga qarshi kechgan nazorat bahslarida bir qator futbolchilar sinovdan o‘tdi.
2021 yil mavsum yakunidan buyon jamoaga bosh murabbiylik qilib kelayotgan Samvel Babayan tarkibning o‘zagini saqlab qolgan holda, jamoa strategiyasiga mos tushadigan nomzodlarga e’tibor qaratdi. Natijada klub rahbariyati eronlik Siyovush Haqnazari (“AGMK”), gruziyalik Giorgi Nikabadze (“Neftchi”), Aleksandr Lobanov (“Metallurg”), Ruslanbek Jiyanov (“Nijniy Novgorod”, Rossiya), Nurmuhammad Toshpo‘latov (“Lokomotiv”, Toshkent), O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari Farruh Sayfiyev va Odiljon Hamrobekov (“Paxtakor”) kabi iqtidorli charm to‘p ustalari bilan shartnoma tuzdi.
Namangan viloyat hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi raisi Shavkat Abdurazzoqov “Navbahor”ning o‘tgan yilgi salmoqli natijalari, ayniqsa, Osiyo Chempionlar ligasidagi muvaffaqiyatli ishtirokini e’tirof etib, yangi mavsumda chempion bo‘lish vaqti kelganligini ta’kidladi.
[gallery-15932]
Tadbirda o‘tgan mavsumda bronza medalini qo‘lga kiritgan jamoa futbolchilari, murabbiylar shtabi va klub rahbariyatiga medallar tantanali topshirildi. Shundan so‘ng, “Lochinlar”ning yangi mavsum tarkibi tanishtirilib, o‘yinchilarga raqamlari yozilgan kiyimlar ulashildi. 2023 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan “Futbol fidoyisi” nominatsiyasida e’tirof etilgan viloyat rahbari Shavkat Abdurazzoqovga “Navbahor”ning 50-raqami yozilgan maxsus futbolkasi taqdim etildi.
Qayd etish lozimki, joriy yilda “Navbahor” futbolchilari “7Saber” milliy brendi ostidagi liboslarda maydonga tushadi. Titul homiysi sifatida esa “E-Auksion” elektron savdo platformasi belgilangan.
Marosim yakunida “Navbahor” bosh murabbiyi Samvel Babayan va jamoa sardori Azimjon Ahmedov so‘zga chiqib, yangi mavsumda muxlislarga manzur keladigan mazmunli o‘yinlar ko‘rsatish hamda chempionlik unvonini qo‘lga kiritishga astoydil intilishini ta’kidladi.
Ma’lumot o‘rnida: “Navbahor” jamoasi shu yilning 15 fevral kuni o‘z maydonida Osiyo Chempionlar ligasi nimchorak final bosqichi doirasida Saudiya Arabistonining “Al-Ittihod” klubini qabul qiladi. Superliga startida esa sevimli jamoamiz 1 mart kuni Namangan shahridagi “Markaziy” stadionda Samarqandning “Dinamo” klubiga qarshi kuch sinashadi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA muxbirlari