NATO samolyotlari Estoniyada o‘quv parvozini amalga oshiradi
NATO qiruvchi samolyotlari 22-28 sentyabr kunlari Estoniya havo hududida o‘quv parvozini amalga oshiradi, deya xabar tarqatdi ERR telekompaniyasi.
— Uchoqlarning bir qismi pastroq uchadi, lekin balandlik 152 metrdan kam bo‘lmaydi, — deyilgan xabarda. — Mashg‘ulotda tovushdan tez uchadigan samolyotlar ham qatnashishi mumkin.
Qayd etilishicha, 22 va 25 sentyabr kunlari Italiya Harbiy-havo kuchlariga qarashli F-35 qiruvchilari Kadrina va Xalyala tumanlari hududida tezkor mashq o‘tkazadi. Maqsad dronlarni aniqlash va havo tahdidiga javob berishga doir tegishli tartib-qoidani o‘zlashtirish.
So‘nggi payt NATO Rossiya g‘arbiy chegarasi yaqinida misli ko‘rilmagan faollik namoyish etmoqda. Alyans o‘z tashabbuslari kengayishini “Rossiya agressiyasini to‘xtatish” deya izohlayapti.
Moskva Yevropada NATO qo‘shini to‘planishidan bir necha bor xavotir bildirgan. Kreml Rossiya hech kimga tahdid solmasligi, biroq mamlakat manfaatiga qarshi amalga oshirilgan hech bir xavfli harakatni e’tiborsiz qoldirmasligini ta’kidlab keladi.
S.Rahimov, O‘zA