NATO Bosh kotibi: Putin qiyin ahvolga tushib qoldi (+video)
NATO Bosh kotibi Mark Ryutte Daniya razvedka xizmati ogohlantirishidan so‘ng alyans Rossiyaning gibrid hujumiga javob berishga tayyor ekanini bildirdi. Pentagon rahbari Pit Xegset Yevropadagi ittifoqchilarni qit’a mudofaasida yetakchilikni zimmasiga olishga chaqirdi, deb xabar berdi "Euroneus".
– NATO Yevropa bo‘ylab diversiya va drondan foydalanilgan hujumga javob berishga tayyor va bunday tahdidga qarshi chora ko‘rish rejasini allaqachon ishlab chiqqan, – dedi Ryutte. – Alyans davlatlariga gibrid hujum ko‘payib borayotgani Kiyevga qarshi urushda Rossiya g‘alaba qozonayotganini anglatmaydi. Putin qiyin ahvolga tushib qoldi. RF Ukrainadagi pozitsiyasini yo‘qotmoqda. Shuning uchun a’zo davlatlar fuqarolari xavotirlanmasligi kerak. Ruslarga ta’sir qilishni istasak, Ukrainaga ko‘proq yordam ko‘rsatishimiz kerak.
Ushbu bayonot Daniya razvedka xizmati Rossiyaning NATO davlatlariga qarshi harbiy harakati, jumladan yangi gibrid hujum xavfi ortib borayotganidan ogohlantirgandan so‘ng yangradi.
Ayni payt AQSH mudofaa vaziri Pit Xegset ittifoqchilar Yevropani himoya qilishda yetakchilikni zimmasiga olishi kerakligini aytib, NATOni kuchli harbiy tuzilmaga aylantirishga chaqirdi.
NATO davlatlari mudofaa vazirlari uchrashuvida so‘zga chiqqan Xegset harbiy imkoniyatni kuchaytirish va Yevropaga tahdidni jilovlashga qaratilgan konsepsiya taqdim etdi.
– Alyans haqiqiy harbiy imkoniyatga ega bo‘lishi, Yevropaning yadroviy bo‘lmagan mudofaasida yetakchi o‘rin tutishi kerak, – dedi u.
Shimoliy Atlantika shartnomasi 5-moddasiga ko‘ra, bir a’zo davlatga qilingan hujum butun alyans hujum sifatida qabul qilinadi. Faqat bu me’yor ittifoqchilarning bevosita harbiy aralashuvi majburiyatini anglatmaydi.
Ma’lumki, NATOda eng kuchli harbiy tizimga ega AQSH Yevropaning yadroviy bo‘lmagan mudofaasidagi ahamiyatini susaytirishga intilmoqda. Shu bilan birga Vashington ko‘hna qit’ada joylashtirilgan yadroviy qurollarni olib chiqish rejasini tuzmagan.
Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, (+video) O‘zA