“Nasaf” bugun mamlakat chempioniga aylanishi mumkin
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 23-turini “Paxtakor“ – “Andijon“ o‘rtasidagi o‘yin boshlab berdi.
“Jar” stadionida o‘tkazilgan mazkur uchrashuvning 14 daqiqasida “Paxtakor” klubi a’zosi Ulug‘bek Hoshimov hisobni ochgan bo‘lsa, “Andijon” oradan 20 daqiqa o‘tib, Bektemir Abdumannonovning goli evaziga hisobni tenglashtirdi va jamoalar 1:1 hisobida birinchi bo‘limni yakunladi.
Ikkinchi bo‘limda poytaxtimiz klubi bor e’tiborini g‘alabaga qaratdi. Natijada 61-daqiqada Hojiakbar Alijonovning uzatmasidan so‘ng Muhammadali O‘rinboyev raqib darvozasini ishg‘ol qilgan bo‘lsa, hakam tomonidan asosiy vaqtga qo‘shib berilgan daqiqalarning to‘rtinchisida zaxiradan maydonga tushgan Kimi Merk gol urib, “Paxtakor”ning 3:1 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi.

Shu tariqa, Superli bahslarida “Paxtakor” 23-turdagi muvaffaqiyat evaziga ochkolarini 38 taga yetkazib oldi. “Andijon” esa 25 ochko bilan qoldi.
Bugun O‘zbekiston Superligasining 23-turidan o‘rin olgan “Lokomotiv” – “Nasaf”, “So‘g‘diyona“ – “Surxon” klublari o‘rtasida o‘yin bo‘lib o‘tadi.
Mazkur uchrashuvlarning eng ahamiyatlisi, “Do‘stlik” stadionida o‘tadigan “Lokomotiv” – “Nasaf” jamoalari bahsidir. Sababi, hozirda “Nasaf” Superliga o‘yinlarida 49 ochko jamg‘arib, yaqqol peshqadamga aylangan. Bugungi o‘yinda “Nasaf” durang yoki g‘alaba qozonsa, bu yilgi Superliga chempionligini muddatidan avval qo‘lga kiritadi. Aslida, ushbu jamoa mag‘lub bo‘lsa ham mamlakat chempioni bo‘la oladi. Chunki, Qarshi shahri jamoasi ayni damda eng yaqin ta’qibchisi OKMK klubidan 10 ochko ilgarilab ketgan.
Darvoqe, “So‘g‘diyona“ – “Surxon” uchrashuvi ham qiziqarli o‘tishi shubhasiz. Bu uchrashuvda mezbonlar kutilmagan mag‘lubiyatga uchrasa, turnirdagi 3-pog‘onasini ushbu turni g‘alaba bilan yakunlagan “Paxtakor”ga bo‘shatib beradi. “So‘g‘diyona” 22-tur yakuniga ko‘ra 37 ochkoga ega bo‘lgan. Poytaxt klubi esa ayni vaqtda 38 ochko bilan qolmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA