“Nasaf” bojxona postida faoliyat yuritish uchun zamonaviy sharoitlar yaratildi
Qashqadaryo viloyatida bojxona infratuzilmasini rivojlantirish, xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlari yaratish hamda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish yuzasidan izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 7-fevraldagi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Qarshi shahridagi “Nasaf” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti zamonaviy talablarga javob beradigan yangi ma’muriy binoga ko‘chirildi.

Yangi binoda bojxona xodimlarining samarali faoliyat yuritishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan, xizmat xonalari zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi tasarrufidagi bojxona ombori qayta ta’mirlandi va uning hududi obodonlashtirildi. Bu yerda tovarlarni bojxona nazorati ostida saqlash hamda tegishli bojxona tartib-taomillarini amalga oshirish uchun qulay sharoit yaratildi.

“Nasaf” TIF bojxona posti tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar samaradorligi natijalarda ham o‘z aksini topmoqda. Jumladan, joriy yilning sakkiz oyida postda 1 ming 964 marotaba bojxona ko‘rigi o‘tkazilib, davlat byudjetiga 377 milliard 400 million so‘mdan ziyod bojxona to‘lovlari undirildi.

Yaratilgan zamonaviy infratuzilma bojxona xizmatlari samaradorligini oshirish, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga qulayliklar yaratish va davlat byudjeti daromadlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
O‘lmas Barotov,
O‘zA muxbirlari