Namanganda zamonaviy "IT Park" barpo etiladi
Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi ishchi guruhi tomonidan haftaning dam olish kunlari Namangan shahri hamda uning Davlatobod va Yangi Namangan tumanlarida hududlar infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan bunyodkorlik loyihalari ko‘zdan kechiriladi.
Jumladan, Davlatobod tumanidagm "Yangi Namangan shaharchasi" hududida bunyod qilinayotgan ko‘p qavatli turarjoylar qurilishi jarayonlari bilan tanishildi.
Ayni kunlarda hudud ulkan qurilish maydoniga aylangan bo‘lib, ishlar jadal sur’atlarda olib borilmoqda. “Yangi Namangan shaharchasi” loyihasi doirasida zamonaviy infratuzilmalar, ko‘p qavatli uy-joylar, ijtimoiy soha ob’ektlari hamda yo‘l-transport tizimlari bunyod etilmoqda.

Shaharcha tarkibidan endilikda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari markazi binosi ham joy oladi. Ushbu markaz loyihasi axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish, startaplar va "IT" kompaniyalari uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan.
Viloyat rahbari "IT Park" loyihasi uchun maqbul hududni ko‘zdan kechirib, investorlarga o‘z tavsiyalarini berib, barcha masalalarda amaliy ko‘makka tayyorligini bildirdi.
Xitoyning "Shanghai Construction Group" kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan mazkur istiqbolli loyiha qiymati 20 million AQSH dollariga teng. Bino 12-16 qavatdan iborat bo‘lib, zamonaviy idoralar, "kovorking" zonalar, "startap"lar uchun infratuzilma barpo etiladi.

O‘rganish jarayoni davomida mas’ul tashkilotlar mutasaddilariga loyihani yanada tezlashtirish, qurilish ishlariga kirishish choralarini ko‘rish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA