Namanganda yangi sanoat zonasi barpo etiladi
Prezidentimiz tomonidan respublikamizning kichik biznes, tadbirkorlik va sanoat markazi sifatida e’tirof etilgan Namanganda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Buning yorqin samarasi sifatida bugungi kunda viloyatdagi mavjud 72 ta kichik sanoat zonasi, ikkita erkin iqtisodiy zona faoliyat yuritib, ularda minglab fuqarolar doimiy ish o‘rniga ega bo‘lib, daromad topmoqda.
Ana shunday ezgu sa’y-harakatlarning amaliy davomi o‘laroq, Namangan viloyati hokimi, senator Shavkat Abdurazzoqov Namangan shahrining Barkamol avlod mahallasi hududida tashkil etilishi rejalashtirilgan “Barkamol avlod-2” kichik sanoat zonasi loyihasi bilan yaqindan tanishdi.

Namangan shahar hokimining o‘rinbosari – investitsiyalar, sanoat va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i Muzaffar Ahmadjonovning taqdimotida mazkur istiqbolli loyiha besh gektar maydonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Unda umumiy qiymati 800 milliard so‘mlik 39 ta loyiha hayotga tatbiq etiladi. Buning natijasida 450 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish, 29 million dollar xorijiy investitsiyani jalb etish hamda asosiysi 2 ming 500 yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, loyiha doirasida poyabzal, mebel, to‘qimachilik va hunarmandchilik yo‘nalishlarida zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari tashkil etilishi, hududning zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta’minlanishi rejalashtirilgan. Amalga oshiriladigan ishlar natijasida 30 milliard so‘m byudjet tushumi, 10 million dollarlik eksport hajmi hamda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish maqsad qilingan.

Loyiha taqdimoti davomida viloyat rahbari hududni kompleks rivojlantirish, investorlar uchun qulay sharoit yaratish, qurilish va infratuzilma ishlarini sifatli hamda belgilangan muddatlarda yakunlash yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.