Namanganda Tadbirkorlar kengashi ish boshladi
FOTOREPORTAJ
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan “Namangan viloyatida yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda viloyatni ishsizlikdan holi hududga aylantirish bo‘yicha tadbirkorlar kengashi”ning ta’sis yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Namangan shahridagi “Barkamol avlod” Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasida muloqot shaklida o‘tkazilgan ilk uchrashuvda viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov, viloyat sektor rahbarlari, yirik investorlar hamda tadbirkorlar, klasterlar rahbarlari, tadbirkorlikni rivojlantirishga mas’ul idoralar va OAV vakillari ishtirok etdi.
So‘nggi 5 yilda Namangan viloyatida sanoat, xizmatlar va tadbirkorlikning boshqa sohalarida “katta sakrash” bo‘ldi. Masalan, viloyatda korxonalar soni 15 mingtaga ko‘payib, 32,5 mingtaga yetdi. 2022 yilning o‘zida 5 500 ta yangi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etildi. Bu davrda xususiy biznes vakillari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmi 1,6 baravarga oshib, 8,3 trillion so‘mga yetdi.
[gallery-10602]
Viloyatdagi tadbirkorlik muhitini rivojlantirish uchun 2022 yil davomida jami 6,1 trln. so‘m kredit mablag‘lari ajratildi. Bu esa, o‘tgan 5 yilga nisbatan 4,2 martaga ko‘p demakdir.
“Namangan tajribasi” sifatida shahar va tumanlarda tashkil etilgan 72 ta kichik sanoat zonalarida bugungi kunga qadar qiymati 4,8 trln. so‘mlik 650 tadan ortiq loyiha faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ushbu korxonalar tomonidan 38 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Davlatimiz rahbari joriy yilning 3 fevralida Namangan viloyatiga tashrifi davomida tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham Namangan viloyatida tadbirkorlik faoliyati, biznes uchun yaratilgan qulay investitsiya muhitiga yuqori baho berdi.
Prezidentimiz topshirig‘iga asosan, Namanganda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda viloyatni ishsizlikdan holi hududga aylantirish maqsadida tadbirkorlar va klaster rahbarlaridan iborat “Tadbirkorlar kengashi” tashkil etildi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA