Namanganda "Oq oltin" mavsumi boshlandi
Paxtadan olinadigan daromad muhim hisoblanadi. Shu boisdan ham paxta yig‘im-terimga har safar puxta tayyorlik ko‘rish, mavsumni mas’uliyat bilan tashkil etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Namangan viloyatida yaxshi niyatlar bilan paxta terimiga kirishildi. Joriy yil viloyat bo‘yicha 1 ming 193 ta fermer xo‘jaligining 63 ming 406 gektar maydonlarida har gektardan 37,2 sentnerdan, jami 235 ming 624 tonna paxta xom ashyosi terib olish rejalashtirilgan. Oltita klaster hosil qabul qilishga shay holatda.


To‘raqo‘rg‘on tumanidagi "Ahmadjonov Abdullajon" fermer xo‘jaligida joriy yil hosilini tez va uyushqoqlik bilan yig‘ishtirib olishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov, tumanlar hokimlari va ularning qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar rahbarlari, nuroniylar ishtirok etdi.


Bu yil To‘raqo‘rg‘onda 4 ming 269 gektar maydonda paxta yetishtirilgan. Erta bahordan qilingan mehnat mahsuli chaqqon qo‘llarga mahtal bo‘lib turibdi. Paxtaning davlat xarid narxi oshgani dehqonlarni ham terimchilarni ham ruhlantirib, shijoat bilan mehnat qilishga chorlamoqda.
Seminarda ulug‘ tilaklar bilan jonliq so‘yilib, ehson dasturxoni yozildi. Viloyat hokimi rahbarligida paxtazorga kirilib, nuroniylar hamrohligida terim boshlab berildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA