Namanganda milliy liboslar festivali start oldi
Namanganda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kiyinish madaniyati targ‘ibotini tashkil yetish maqsadida tashkillangan “Nafosat–2020” festivali boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Gender tenglikni ta’minlash komissiyasi tashabbusi bilan “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik markazi hamda Namangan viloyati hokimligi hamkorligida o‘tkazilayotgan festivalning ilk kunida mahalliy yosh dizaynerlar o‘rtasida milliy va zamonaviy andozalarni chizish bo‘yicha “Yosh dizaynerlar” tanlovi, Namangan ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabi o‘quvchilari ishtirokida modalar namoyishi bo‘lib o‘tdi.

“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan “Yoshlar modasi, an’analar va zamonaviy yo‘nalishlar” mavzusida ijtimoiy so‘rovnomalar o‘tkazildi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Zuhra Ashurova va Mehriddin Rahmatovlar ishtirokida “Zamonaviy o‘zbekistonlik ayollar va yoshlar” mavzusida davra suhbatida bugungi kundagi kiyinish madaniyatining ahamiyati haqida so‘z bordi.
Toshkent shahri, Farg‘ona vodiysi, xususan Namangan viloyatining brend firmalari o‘z ko‘rgazmalari bilan qatnashib, mahsulotlarini namoyish etishdi.
12 dekabrga qadar davom etadigan festivalning asosiy tadbirlari Namangan shahridagi “Shodiyona” majmuasida bo‘lib o‘tadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA