Namanganda kuchli taekvandochilar saralandi
Namangan shahridagi Yakka kurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi zalida O‘zbekiston taekvando (WTF) assotsiatsiyasi viloyat bo‘limi tashabbusi bilan taekvando VT yo‘nalishi bo‘yicha bolalar, o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida viloyat kubogi musobaqasi o‘tkazildi.
O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvatlash jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan “Ijtimoiy yordam ko‘rsatib, sizlarni baland marralar sari olg‘a boshlaymiz” nomli grant loyihasi asosida tashkillashtirilgan mazkur musobaqada viloyatning barcha shahar va tumanlaridan 300ga yaqin o‘g‘il-qiz ishtirok etdi.

Yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ularni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish hamda yurtimizda sharqona yakka kurash sport turlarini ommalashtirishga qaratilgan ushbu musobaqada Namangan shahridagi Yakka kurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi vakili Javohir Sirmatov birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Davlotobod tumanidagi Olimpiya zaxiralari kollejidan Ahror Samiyev faxrli ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Uchinchi o‘rin esa Chust tumanidagi bolalar-o‘smirlar sport maktabidan Ravshan Hakimjonov hamda Davlatobod tumanidagi 1-sonli BO‘SM a’zosi Abdulaziz G‘aniyevga nasib etdi.

Musobaqada faol ishtirok etib, mahoratini to‘laqonli ko‘rsata olgan 60 nafar sportchi Respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
O‘zbekiston Taekvando (WTF) asotsiatsiyasi viloyati bo‘limi ijrochi direktori Xolmurod Nozimov g‘olib va sovrindor sportchilar, ularning murabbiylarni taqdirladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA