Namanganda karting bo‘yicha O‘zbekiston kubogi g‘oliblari aniqlandi
Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanida karting poygasi bo‘yicha ochiq O‘zbekiston kubogining final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Uchqo‘rg‘on tumanidagi «Vatanparvar» tashkilotiga qarashli o‘quv-sport texnika klubi kartadromida o‘tkazilgan musobaqada respublikamizning turli hududlaridan kelgan to‘qqizta jamoa tarkibida 117 nafardan ziyod sportchi «Mikro», «Mini», «Supermini», «OK-junior», «Patriot», «KF», «KZ» hamda «T-4 Patriot o‘smirlar» sinflarida g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan poygalar yakuniga ko‘ra, jamoaviy hisobda Toshkent shahrining Yashnobod tumani o‘quv-sport texnika klubi jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Toshkent viloyatining Angren tumani o‘quv-sport texnika klubi jamoasi ikkinchi, Toshkent shahrining Mirobod tumani o‘quv-sport texnika klubi jamoasi esa uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
[gallery-31876]
Musobaqa g‘olib va sovrindorlariga diplom va medallar, shuningdek, O‘zbekiston kubogi tantanali ravishda topshirildi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA