Namanganda 77 yoshli fuqaroning tug‘ilgan holati qayd etildi
Muammo yechimini izlab, u Namangan tumani adliya bo‘limi huzuridagi tuman fuqarolik holati daolatnomalarini yozish bo‘limiga murojaat qildi. Nuroniy bilan muloqotda u shu kungacha O‘zbekiston fuqaroligi pasportini olmagani, shuningdek, doimiy yashash manziliga ega bo‘lmaganini qayd etdi.
Ba’zan birgina hujjat inson hayotida yangi sahifa ochishi mumkin. Yillar davomida oddiygina bir guvohnomaga ehtiyoj sezib yashagan inson uchun esa bu hujjat – huquq va imkoniyatlar sari ochiladigan muhim eshikdir.
1949-yilda Namangan viloyatida tavallud topgan Tursunboy ota Rahmonov ham ana shunday kunni uzoq kutdi. U tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi hamda sobiq ittifoq davrida olgan pasportini yo‘qotib qo‘ygani sababli shu kungacha O‘zbekiston fuqaroligini rasmiylashtira olmay kelgan.
Fuqarolikni tasdiqlovchi zarur hujjatlarga ega bo‘lmagani bois 77 yoshli Tursunboy aka shu paytgacha nafaqa ham ololmagan. Bu holat uning kundalik hayotida qator qiyinchiliklarni keltirib chiqargan.
Namangan tumani adliya bo‘limi FHDYO bo‘limi mudiri Zulayho Otaxonovaning aytishicha, bo‘lim xodimlari tomonidan mavjud holat atroflicha o‘rganilib, zarur ma’lumotlar olindi. Natijada Tursunboy akaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi takroriy tartibda tiklanib, unga tantanali ravishda topshirildi.

Guvohnoma qo‘liga tegib, yillar davomida kutgan hujjatini olgan Tursunboy akaning quvonchi cheksiz edi. Chunki bu hujjat uning uchun oddiy qog‘oz emas, balki fuqarolik sari tashlangan muhim qadam, huquq va imkoniyatlarga eltuvchi vosita edi.
Endilikda Tursunboy Rahmonov mazkur guvohnoma asosida fuqarolik masalasini qonuniy tartibda hal etish yuzasidan sudga murojaat qilishi hamda belgilangan tartibda O‘zbekiston fuqaroligini rasmiylashtirish imkoniyatiga ega.
Fuqarolik masalasi hal etilgach, qonunchilikda belgilangan talablar asosida pensiya va boshqa ijtimoiy to‘lovlardan foydalanish masalasini ham qonuniy tartibda hal etish imkoniyati yuzaga keladi. Bir qarashda oddiygina hujjat topshirish jarayoni. Ammo uning ortida bir insonning yillik kutishi, umidi va quvonchi mujassam. Tursunboy otaning bugungi quvonchi – huquqiy xizmatlar inson hayotiga bevosita ta’sir qilishi, har bir murojaat ortida esa alohida bir inson taqdiri borligini yana bir bor ko‘rsatdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri