Namangan viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Eng ulug‘, eng aziz bayram – Vatanimiz istiqloli shodiyonasi arafasida viloyat hududlarida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda.
Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami munosabati bilan Namangan viloyatining barcha shahar va tumanlari markazlarida arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi tashkil etildi.
Xususan, Namangan shahrining Usmon Nosir ko‘chasida bo‘layotgan bayram yarmarkasida viloyatning 11 tumani hamda "Chorsu", "Sardoba" bozorlaridan keltirilgan mahsulotlarni qulay narxlarda xarid qilish mumkin.

Yarmarkada 50 turdan ortiq kundalik zaruriy oziq-ovqat mahsulotlari va poliz ekinlari aholiga maqbul narxlarda yetkazib berilmoqda.
Savdo rastalari har kuni yangi va sifatli qishloq xo‘jaligi, non mahsulotlari, go‘sht, guruch, umuman olganda, bayram arafasida dasturxon uchun eng kerakli noz-ne’matlar bilan to‘ldirib borilmoqda.
***
Mustaqillik bayrami arafasida Chust tumanining Navro‘z mahallasi hududidagi Sport maktabida davlat-xususiy sheriklik asosida zamonaviy mini stadion foydalanishga topshirildi.

Ushbu loyihaga tashabbus ko‘rsatgan tadbirkor Umidjon Ismatullayev tomonidan 1 milliard 200 million so‘m miqdoridagi mablag‘ yo‘naltirildi.
Mini stadionning ochilish marosimida qatnashgan Chust tumani hokimi Baxtiyor Salimjonov yangi sport maskani yosh avlodni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
***
Istiqlol shodiyonasi arafasida viloyatdagi temir yo‘llar atrofidagi hududlar obod va ko‘rkam qiyofaga kirdi. Birgina Namangan shahrining Ravnaq mahallasi hududidan o‘tgan temir yo‘lning 3 kilometr qismida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Xususan, temir yo‘l ko‘chada ma’nan va moddiy eskirgan devorlar o‘rniga zamonaviy profil ustunlar o‘rnatildi.

Bunday xayrli ishlarda aholi ham chetda qolmay, ular o‘z uylari atrofini obodonlashtirishga yeng shimarishgan.
***
Yangiqo‘rg‘on tumanidagi Mash’al mahallasi yoshlari “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida sportning voleybol turi bo‘yicha o‘tkazilgan respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, oltin medal sohibiga aylandi.

Qizg‘in ruhda o‘tgan bellashuvlarda ular yuksak mahorat, mustahkam iroda, jamoaviy hamjihatlik va g‘alabaga bo‘lgan qat’iyatini namoyon etdi.
Har bir uchrashuvda o‘z imkoniyatini to‘liq ishga solgan umidli voleybolchilarimiz barcha raqiblarini ortda qoldirib, chempionlik sharafli nomiga sazovor bo‘ldi.
***
Davlatobod tumanidagi “Yoshlar” kichik sanoat zonasida faoliyat yurituvchi “Nam Bio Test” MCHJ 2020-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda qon tahlillari bo‘yicha innovatsion yechim topilib, import to‘liq mahalliylashtirilgan.

20 milliard so‘mlik ekspress testlar yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangan. E’tiborlisi, uyda o‘tirgan, “Ayollar daftari”dagi 30 nafar xotin-qiz ish o‘rniga ega bo‘ldi. Korxonaga 2023-yilda xalqaro “ISO” 9001 va “ISO” 13485 standart sertifikatlari taqdim qilingan.
Bunday ekspress testlar hozirga qadar yurtimizga import qilib kelingan. Endilikda bu tibbiyot mahsulotlari Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Namangandagi korxonada ishlab chiqarilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.