Namangan viloyati delegatsiyasi Avstriyada
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi delegatsiya Avstriyaga amaliy tashrif bilan bordi. Safar davomida ko‘p tomonlama ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro manfaatli shartnomalar imzolash rejalashtirilgan.
Delegatsiya a’zolari “UniCredit Bank Austria” departamenti direktori Doris Pignitter bilan uchrashdi. Qayd etish o‘rinliki, Yevropadagi nufuzlibanklardan biri “UniCredit Bank Austria AG”ning jami aktivlari 33,4 milliard yevrodan ortiqni tashkil etadi. Doris Pignitter Avstriya nazorat banki (OeKB) bilan hamkorlikda ushbu mamlakat kompaniyalarining O‘zbekistondagi faoliyati doirasida eksport va investitsiya loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha taqdim etilayotgan xizmatlarning doirasi keng ekanligini ta’kidladi.


Namangan viloyati hokimi ijtimoiy soha, xususan tibbiyotni rivojlantirish uchun uzoq muddatli va foizsiz qarz berish imkoniga ega bo‘lgan Avstriyaning eng yirik banki bilan hamkorlik qilish maqsadga muvofiqligini qayd etdi. Bu nafaqat viloyat, balki Farg‘ona vodiysida zamonaviy yurak jarrohligi amaliyotiga muhtoj kishilar uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Muloqot davomida qiymati 8,8 million Yevroga teng Namangan kardiologiya markazini modernizatsiya qilish bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Shuningdek, viloyat travmatologiya markazini modernizatsiya qilish bo‘yicha ham muzokaralar olib borildi.
Amaliy tashrif davomida Namangan viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Vena shahrida Quyi Avstriya Federal Yeri vitse-gubernatori Yoxen Danninger va bir qator rasmiylar bilan muzokaralar o‘tkazdi. Unda ikki tomonlama ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini doimiy rivojlantirish maqsadida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Kelgusida hududlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy, turizm va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish maqsadida yo‘l xaritasi ishlab chiqilishiqayd etildi.


Avstriyaga amaliy tashrifning ilk kuni kelishuvlarga boy bo‘ldi. Avstriya nazorat banki (“Österreichische Kontrollbank AG”) rahbari doktor Xelmut Berinkopf bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv buning yorqin misolidir. Tomonlar Namangandagi ijtimoiy loyihalarni imtiyozli kreditlar asosida moliyalashtirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi.
Namangan viloyati delegatsiyasining Avstriyaga amaliy tashrifi davom etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA