“Namangan Grand Prix”: Kuchli velosportchilar saralandi
Namangan shahrida velosportning trek yo‘nalishi bo‘yicha o‘tgan “Namangan Grand Prix” xalqaro musobaqasida turli yo‘nalishlarda g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
Hususan, “Madison” yo‘nalishida ayollar o‘rtasidagi bahslarda Nafosat Koziyeva va Madina Qahhorova juftligi birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi pog‘onadan Qozog‘iston milliy terma jamoasi vakillari Milana Kotelnikova hamda Angelina Burenkova joy olgan bo‘lsa, Samira Ismoilova va Asal Rizayeva (Tashkent city cycling team) bronza medalini qo‘lga kiritdi.
[gallery-29343]
Erkaklar o‘rtasida esa Hindiston milliy terma jamoasi vakillari Vishavjit Singh hamda Harshveyer Sekxon g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari Alimardon Jamoliddinov va Muhriddin Saparov kumush medalga sazovor bo‘ldi. Yana bir hindistonlik juftlik — Dinesh Kumar va Naman Kapil uchinchi o‘rinni band etdi.
“Point Race” bahslarida erkaklar o‘rtasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi vakili Sergey Rostovsev 101 ochko bilan g‘olib bo‘ldi. Hindistonlik Vishavjit Singh 95 ochko bilan ikkinchi, Harshveyer Sekxon esa 82 ochko bilan uchinchi o‘rinni egalladi.
Ayollar o‘rtasidagi “Point Race” bahslarida neytral maqomdagi Palina Konrad 74 ochko bilan oltin, Nafosat Koziyeva 57 ochko to‘plab kumush, Alina Korotkina esa 21 ochko jamg‘arib, bronza medalini qo‘lga kiritdi.
“Elimination” yo‘nalishida ayollar o‘rtasida Palina Konrad g‘olib deb topildi. Nafosat Koziyeva va Adelina Sakun kuchli uchlikni yakunlab bergan bo‘lsa, erkaklar bahsida Sergey Rostovsev, Dmitriy Bocharov va Harshveyer Sekxon shohsupaga ko‘tarildi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA