Muzokaralarning ikkinchi bosqichi boshlandi
Xitoyning “Foydali qazilmalarni qidirish bo‘yicha “OYaSA” Sinzyan kompaniyasi” direktori Renxu Vang va uning o‘rinbosari Djanlin Gao javob tashrifi bilan Navoiy shahriga keldi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy viloyat bo‘limi raisi Abdurazzoq Mirzaev joriy yilning iyul oyida Xitoy Xalq Respublikasida o‘tkazilgan Xalqaro forumda ishtirok etib, ishbilarmon doira vakillari bilan qator muzokaralar o‘tkazgan edi.
Xitoyning “Foydali qazilmalarni qidirish bo‘yicha “OYaSA” Sinzyan kompaniyasi” direktori Renxu Vang va uning o‘rinbosari Djanlin Gao javob tashrifi bilan Navoiy shahriga keldi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limida “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi direktori Habib Abdullaev, Navoiy viloyati hokimining investitsiya va innovatsiyalar bo‘yicha maslahatchisi Nazirjon Jo‘raev, akademiyaning Navoiy bo‘limi ilmiy kotibi Quvondiq Nurboev hamda xitoylik tadbirkorlar ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Mehmonlarning ta’kidlashicha, xitoylik ishbilarmonlar Davlatimiz rahbari tomonidan biznes yuritish va tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishdagi korrupsiyani yo‘qotish va bu sohadagi byurokratik to‘siqlarni kamaytirish borasida olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlaydi va bu o‘z navbatida xorijiy investorlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi.
Xususan, uchrashuvda mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “ Oyasa-Qizilqum” O‘zbek-Xitoy qo‘shma korxonasini tashkil etishning istiqbollari to‘g‘risida so‘z bordi.
Hozirgacha tasdiqlanmagan va davlat reestriga kirmagan ruda va noruda foydali qazilmalari bilan ma’lum bo‘lgan konlar haqidagi ma’lumotlarni to‘plash, shu jumladan keyinchalik tegishli litsenziyani olish orqali qazish ishlarini tashkil qilish uchun geologiya qidiruv ishlarni o‘tkazish, shuningdek, yangi istiqbolli ma’dan ko‘rinishlarini izlash maqsadida geologiya qidiruv ishlarini o‘tkazish, mazkur korxona asosiy vazifalari sirasiga kiradi.
Qo‘shma korxona ikki mamlakat fan va biznes olamining yangi samarali integratsiyalashuv mexanizmini joriy etish uchun Xitoydan kirib kelayotgan investitsion oqimni muvofiqlashtirish bo‘yicha O‘zbekiston-Xitoy axborot-tahlil markazining o‘zagi bo‘lib xizmat qiladi. O‘zbekiston tomonidan Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi ilmiy, texnikaviy va iqtisodiy jihatdan asoslangan loyihalarni tanlab oladi va xitoyliklarga taklif etadi. Xitoy tomonidan esa “OYaSA” kompaniyasi bu materiallarni o‘z tillarida salohiyatli investorlarga taqdimot qiladi. O‘zbekistonda ish boshlash istagida bo‘lgan xitoyliklarga, ularning qiziqishi va mavjud mablag‘iga mos tarzda turli sohalar, jumladan qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqarish sohalari bo‘yicha loyihalar ham tanlanadi.
Shuningdek, xitoylik hamkorlar “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi va dunyodagi eng katta oltin ma’danli “ Muruntov” koniga tashrif buyurishdi.
F.ISTABLAEV,
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
Navoiy viloyat bo‘limi matbuot kotibi.