Muzeylar hayotida yangi davr boshlandi
Muzey – tarix ko‘zgusi. Har qanday davlat va xalqning o‘tmishi, madaniyati, turmush tarzi, an’ana va qadriyatlari bu maskanlardagi tarixiy ashyolar, kitoblar, ekspozitsiya va ko‘rgazmalarda aks etadi. Muzeylar ana shu jihatlari bilan doim kishilarni, ayniqsa, sayyohlarni o‘ziga jalb etib kelgan. Qolaversa, bu orqali turizmni rivojlantirish va iqtisodiy manfaatdorlikka erishish mumkin.
Iqtisodiyotida turizm yetakchi tarmoq hisoblangan ko‘plab mamlakatlarda bu imkoniyatlardan samarali foydalanilmoqda. Bizda esa, afsuski, bu borada hali maqtangulik natijalar ko‘zga ko‘rinmaydi. Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 27 may kuni qabul qilingan “Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaror ushbu yo‘nalishdagi ishlarni takomillashtirish, muzeylar imkoniyatlaridan samarali foydalanish uchun keng yo‘l ochdi.
Mazkur qarorda belgilangan vazifalar va ularning ahamiyati haqida Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh muhofizi Mahmudxon Yunusov quyidagilarni so‘zlab berdi.
– 2021 yil 26 noyabrda “Muzeylar to‘g‘risida” gi qonun yangi tahrirda qabul qilinishi bilan mamlakatimiz muzeylari hayotida yangi davr boshlangan edi, – deydi M.Yunusov. – Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan qaror esa ana shu yangi davrning asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgani bilan tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Qarorda 2022-2023 yillardan e’tiboran davlat muzeylarida qo‘shimcha xizmatlar tashkil etilishi belgilandi. Unga ko‘ra, Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi tizimidagi muzeylarda har oyda kamida to‘rtta – “Muzeyda tun”, “Open Air Fest” kabi ko‘ngilochar dasturlar, konsert va tomoshalar o‘tkazilishi, har oyda kamida besh marta usta-hunarmandlarning mahorat darslari tashkil etiladi. 2022 yil davomida shuningdek, 10 ta sovg‘a va suvenirlar do‘koni, hunarmandlar ustaxonasi va savdo shoxobchalari tashkil etish, rassomlar, artistlar va folklor jamoalari, hunarmandlar va fotosessiya uchun maxsus hududlar ajratish ko‘zda tutilgan. 2023 yildan e’tiboran onlayn do‘konlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ayni vaqtda mamlakatimizdagi aksar muzeylar, shu jumladan Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi ham asosan kirish chiptalari va ekskursiya xizmatlaridangina foyda oladi. Ayrim muzeylardagina qo‘shimcha servis xizmatlari mavjud.
Masalan, Mirzo Ulug‘bek, Afrosiyob muzeylarida kelin-kuyovlar uchun fotosessiya xizmati, durbindan shaharni kuzatish, kafeteriy xizmati, suvenirlar va bosma nashrlar do‘koni, kinozal xizmati, Amir Temur jome masjidi va Amir Temur maqbarasida faqatgina bosma nashrlar va suvenirlar do‘koni mavjud, xolos. Ya’ni umumiy hisobda yo‘lga qo‘yilgan xizmatlar soni 6 tadan oshmaydi. Bundan buyon esa muzeylar ko‘rsatadigan xizmatlar soni 20 tadan ortiq bo‘ladi. Qarorda 2022-2024 yillarda o‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixi, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalar hayoti va faoliyatiga bo‘lgan yangi ekspozitsiyalar tashkil etish ko‘zda tutilgan bo‘lib, unga ko‘ra 2023 yil avgust oyiga qadar “Afrosiyob – Samarqandning qadimgi o‘rni”, “Samarqand – Amir Temur poytaxti” nomli, shuningdek, Mirzo Ulug‘bek, Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin al-Koshiy, Ali Qushchi kabi allomalar hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ekspozitsiyalar tashkil etilishi ko‘rsatilgan.
Bu o‘z navbatida Samarqand muzeylarining jozibadorligini oshiradi. Chunki Mirzo Ulug‘bek, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi, G‘iyosiddin al-Koshiy kabi jahonga mashhur olimlar hayoti va faoliyatiga bag‘ishlab ayni vaqtgacha maxsus ekspozitsiyalar tashkil etilmagan. Yoki Amir Temur davrida Samarqandning poytaxtga aylantirilishi va shaharda olib borilgan obodonchilik ishlariga bag‘ishlangan ekspozitsiya mavjud emas. Vaholanki, xorijiy sayyohlarning aksariyati Amir Temur davlatining poytaxtini ko‘rish orzusida Samarqandga keladi. 2022-2024 yillarda davlat muzeylarida ixtisoslashtirilgan restavratsiya laboratoriyalarini tashkil qilish masalasi ham qarorda nazarda tutilgan.
Hozirda respublikamizdagi sanoqli muzeylarda ta’mirlash laboratoriyalari tashkil etilgan. Ularning ichida faqat Samarqandda ta’mirlash laboratoriyasi zamon talablariga mos ravishda jihozlangan. Boshqa muzeylarda hali ham o‘tgan asrning 70-80 yillarida o‘rnatilgan asbob-uskunalardan foydalanilmoqda. Qarorda 2022-2026 yillarda noyob muzey ashyolari va kolleksiyalarining replikatsiyalarini tayyorlash hamda ularni realizatsiya qilish bo‘yicha ham vazifalar belgilangan. Chunki, jahon muzeyshunoslik amaliyotida noyob muzey ashyolarining nusxalarini tayyorlab sotish anchadan buyon qo‘llanib kelinmoqda. Masalan, dunyoning eng mashhur muzeyi bo‘lgan Luvr o‘z noyob ashyolarining nusxalarini tayyorlab sotishni yo‘lga qo‘ygan. Luvrni tomosha qilishga borgan har bir sayyoh muzeyda namoyish etilayotgan Xammurapi qonunlari bitilgan tosh yoki miloslik Venara haykali nusxalarini o‘sha yerdagi suvenir do‘konlaridan sotib olishi mumkin. Yoki Leonardo da Vinchi tomonidan chizilgan “Mona Liza” rang-tasvir asari nusxalari butun dunyo bo‘ylab tarqalgan. Endi Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi fondlarida saqlanayotgan 150 dan ortiq ashyoning nusxalarini tayyorlash nazarda tutilgan.
Bu ishlar “Hunarmand” uyushmasi, Badiiy akademiya, San’atshunoslik instituti bilan hamkorlikda amalga oshiriladi va muzey ashyolari nusxalari tizimda mavjud muzeylardagi suvenir do‘konlari orqali sotiladi. Qarorda muzeylar sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish va rivojlantirish masalalari ham o‘rin olgan. Jumladan, Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi Rossiyadagi Gatchina va Saritsino muzey-qo‘riqxonalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, muzeylarda ilg‘or xorijiy namunalar asosida marketing va xizmatlar sohasini rivojlantirish maqsadida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan konsalting xizmati kompaniyalarini jalb qilish, muzeylar va ularning hududlarida bosqichma-bosqich “Muzey-restoran” yoki “Muzey-kafe”lar tashkil etish, “muzey vagon” nomli ko‘chma ko‘rgazmalar tashkil qilish, muzeylarning noyob ashyolari va kolleksiyalari kataloglarini tayyorlash, nashr qilish hamda kitob do‘konlarida ularning sotuvini yo‘lga qo‘yish, muzeylar faoliyati va muzey ashyolari tarixiga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlar va reklama roliklarini tayyorlash kabi vazifalar ham belgilangan. 2023-2026 yillarda muzeylashtiriladigan arxeologiya yodgorliklar ham qarorda belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanidagi Sherozqal’a arxeologik yodgorligi muzeylashtiriladi.
Jahon tajribasida arxeologik yodgorliklarni muzeylashtirish allaqachon zamonaviy muzey amaliyotining ajralmas qismiga aylanib ulgurgan. Qarorda ushbu yo‘nalishdagi ishlarni bosqichma-bosqich davom ettirish nazarda tutilgan. Bu sa’y-harakatlarning barchasi muzeylar faoliyatini bugungi kun talablaridan kelib chiqib tashkil etish hamda ularning iqtisodiy ahvolini yaxshilash, yurtimiz va xalqimiz tarixi, madaniyati, boy moddiy va ma’naviy merosini dunyo miqyosida keng targ‘ib etishga xizmat qiladi. Ayni paytda Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi madaniy meros agentligi tomonidan mazkur qarorni amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda.
O‘zA muxbiri G‘.Hasanov yozib oldi