Muvofiqlashtiruvchi Kengash yig‘ilishi o‘tkazildi
Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi huquqni muhofaza qiluvchi organlarining muvofiqlashtiruvchi Kengashi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori Sh.Aminov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri B.Torebekov ma’ruza qildi.

Qayd etilganidek, respublikada kiberjinoyatlar hisobga olinmaganda 1 ming 419 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, shundan 709 tasi oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Shu bilan birga, Nukus shahrida 19 ta, Xo‘jaylida 7 ta, Beruniy va To‘rtko‘lda 4 tadan, Kegeylida 3 ta mahallada oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlarning sabab va shart-sharoitlari tegishli darajada o‘rganilmagani, ularni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullar tomonidan zarur choralar ko‘rilmagani tanqidiy qayd etildi.

Yig‘ilishda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, har bir jinoyatning sabab va shart-sharoitlarini chuqur tahlil qilish, profilaktika ishlarini mahallabay tashkil etish hamda mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi.
Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash va jinoyatchilikning oldini olish borasidagi ishlar natijadorligini oshirish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev ishtirok etdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri