Mutaxassislik kelajakni belgilaydi
Urganch neft va gaz sanoati kasb-hunar kollejida “Yoshlar – kelajak poydevori” mavzusida seminar o‘tkazildi.
Urganch neft va gaz sanoati kasb-hunar kollejida “Yoshlar – kelajak poydevori” mavzusida seminar o‘tkazildi.“Urganchtransgaz” sho‘ba korxonasi, Xorazm viloyati o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi, Urganch shahar bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirdaPrezidentimiz rahnamoligida aholining ijtimoiy muhofazasi, xotin-qizlar va kasb-hunar kolleji bitiruvchilarining bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Urganch neft va gaz sanoati kasb-hunar kollejida 1 ming 200 ga yaqin o‘quvchi tahsil olmoqda. Kollejdagi zamonaviy axborot texnologiyalari bilan ta’minlangan komputer xonalari, zarur uskunalar bilan jihozlangan amaliyot ustaxonalari, sport zali, axborot-resurs markazi yoshlar ixtiyorida. Fanlar bo‘yicha tashkil etilgan to‘garaklar o‘quvchilarning bilim va salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Seminarda o‘quvchi-yoshlarga mamlakatimiz neft va gaz sanoati sohasidagi korxonalar faoliyati, ishlab chiqarish imkoniyatlari, tarmoqda mehnat qilayotgan yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar, yangi mutaxassislardan talab etiladigan jihatlar haqida atroflicha so‘z yuritildi. Mutaxassislar ishtirokida biznes-reja tuzish, ish yuritish jarayonidagi iqtisodiy, huquqiy, moliyaviy ko‘mak turlari haqida tushunchalar berildi.
– Bugungi kunda yoshlarning dunyoqarashi, bilim va mahorati, yetuk kadr sifatida kamol topishi ko‘p jihatdan ta’lim sifatiga bog‘liq, – deydi kollej direktori Bekposhsha Jumaniyozova. – Mamlakatimizda ta’lim sohasida ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish amaliyotining keng tatbiq etilayotgani ta’lim jarayonidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish, yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, bandligini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.