Mutaxasis: Koronavirus tuzaladigan kasallik, ammo...
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Koronavirusga qarshi kurashi shtabi a’zosi Barno Abdusamatova ishtirokida tashkil etilgan brifingda koronavirus infeksiyasi, virus tarqalishining oldini olish bilan bog‘liq e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar xususida ma’lumot berildi.
Mutaxassisning fikricha, koronavirus tuzaladigan kasallik bo‘lib, infeksiya bilan zararlanish bu butun hayoti davomida virus tashuvchisi bo‘lib qoladi, degani emas. COVID-19 yuqtirib olgan insonlarning ko‘pchiligi tuzalib, virus organizmdan chiqib ketadi. Inson simptomlar paydo bo‘lgandan 10 kun davomida infeksiya tashuvchisi bo‘ladi (agar belgilar bo‘lsa), bu infeksiya yuqqandan taxminan 2 haftani tashkil etadi.
Birinchi simptomlar paydo bo‘lgan kundan eng kamida 10 kun va tuzalgandan keyin yana 3 kun o‘tishi kerak. Maxsus tug‘ruq muassasasida davolanib chiqqan homilador ayol ham muolajadan so‘ng shifokorlar tavsiyasi bilan sog‘lom hisoblanadi va kasallikdan so‘ng maxsus tug‘ruqxonaga emas, o‘z yashash hududiga tegishli tug‘ruqxonaga borishi boshqalar uchun xavf tug‘dirmaydi.
Tabiiy giyohlar koronavirus infeksiyasida asosiy dori vositalar bilan bir qatorda ishlatilishi mumkin, lekin bir o‘zi monoterapiya sifatida yordam bermaydi. Maxsus davo kurslarini to‘liq qabul qilib bo‘lgach, keyinchalik profilaktika maqsadida shifokor tavsiyasi asosida tabiiy giyohlar ichsa bo‘ladi.
Qandli diabeti bo‘lgan insonlar turli xil infeksiyalarga moyil bo‘ladi. Sababi shakar mikroblar uchun ozuqa moddasi hisoblanadi. Agar qandli diabeti bor bemor qonida glyukoza ko‘p bo‘lsa, koronavirus ushbu bemorlarda og‘ir kechadi. Sababi kasallikda kuzatiladigan «sitokinlar hujumi» uchun shakar quvvat manbaidir. Ayniqsa, tana vazni ortiqcha bo‘lgan qandli diabeti bor insonlarda koronavirus og‘ir kechadi.
Bu bemorlarda koronavirus kasalligiga xos biron klinik belgilar sezilsa, darhol xududiy shifokorlarga murojaat etishi shart. Ular uy sharoitida o‘z-o‘zini davolash bilan shug‘ullanishi ma’n etiladi. Chunki ularda tezda pnevmoniya rivojlanishi va uning og‘ir kechishi kuzatilishi mumkin. Bu bemorlar koronavirusdan davolanish bilan birga, diabetni ham davolashda davom etishlari lozim. Sababi koronavirus jarayonida qand miqdori oshib ketsa, bu og‘ir asoratlarga olib keladi.
Koronavirus havo-tomchi va muloqot orqali tarqalishi mumkin. Kasallikning mahsulotlar orqali yuqishi borasida mutaxassislar bir to‘xtamga kelishmagan, lekin bu ehtimolni istisno etmaydi.
Karantin qoidalari yumshatilgani odamlarni xotirjamlikka emas, aksincha, sergaklikka chorlashi kerak. Chunki endi uyda, ishda, ko‘chada, bozorda boshqa odamlar bilan ko‘proq yuzma-yuz bo‘ladi. Koronavirus infeksiyasi esa o‘ta kontagiozligi bilan xavfli. U juda tez tarqaladi va agressiv. Dunyo bo‘ylab kundan kunga kasallangan va vafot etganlar soni ortib bormoqda.
Dunyo tajribasida ko‘rinmoqdaki, har qanday cheklovdan ko‘ra, odamlar orasidagi karantin madaniyati koronavirusning oldini olishda samaraliroq bo‘lib qolmoqda. Bundan keyin xar bir inson pandemiya sharoitida yashashga, mehnat qilishga o‘rganishi, unga moslashishi kerak.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA