“Mustaqillik kubogi”: yarim final ishtirokchilari ma’lum bo‘ldi
Poytaxtimizda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi hamkorligida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘rtasida o‘tkazilayotgan mini-futbol bo‘yicha “Mustaqillik kubogi” musobaqasining chorak final bahslari yakunlandi.
Mazkur bosqichda qiziqarli va murosasiz uchrashuvlar kuzatildi. Xususan, “O‘za” jamoasi “Ishonch gazetasi” ustidan yirik — 4:0 hisobida g‘alaba qozondi. “Renessans” jamoasi “Teleradio markazi”ni 1:0 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, “Sevimli TV” xuddi shu hisobda “Yangi O‘zbekiston”dan ustun keldi.
[gallery-29278]
Kunning eng murosasiz uchrashuvlaridan biri “MTRK” hamda “Futbol TV” jamoalari o‘rtasida kechdi. Asosiy vaqt 1:1 hisobida yakunlanganidan so‘ng g‘olib nomi penaltilar seriyasida aniqlandi. Unda “MTRK” jamoasiga omad kulib boqdi.
Shu tariqa, “O‘za”, “Renessans”, “Sevimli TV” hamda “MTRK” jamoalari musobaqaning yarim final bosqichiga yo‘llanma oldi. Musobaqaning yarim final, uchinchi o‘rin uchun hamda final uchrashuvlari 8-may kuni bo‘lib o‘tadi.
[gallery-29279]
Eslatib o‘tamiz, “Mustaqillik kubogi” g‘olibi 25 million so‘mlik mukofot puli bilan taqdirlanadi. Shuningdek, ikkinchi va uchinchi o‘rin sohiblariga mos ravishda 15 million va 10 million so‘mdan pul mukofoti topshiriladi.
Javohir Toshxo‘jayev, Sarvar O‘rmonov, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA