Mustaqillik – buyuk ne’mat!
Har bir xalq hayotida uning taqdiri va kelajagini belgilab beradigan unutilmas, tarixiy sanalar bo‘ladi. O‘zbek xalqi uchun ana shunday buyuk va muqaddas kun O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligi kunidir.
Bu yil yurtimiz hayotidagi eng ulug‘ bayram - Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlanmoqda. O‘ttiz besh yil - tarix uchun qisqa bir davr bo‘lishi mumkin. Ammo xalq hayoti, davlat taraqqiyoti va milliy o‘zlikni anglash nuqtai nazaridan bu yillar ulkan o‘zgarishlar, sinovlar, izlanishlar va bunyodkorliklarga boy davr bo‘ldi.
1991-yilda xalqimizning asriy orzu-intilishlari ro‘yobga chiqib, O‘zbekiston o‘z davlat mustaqilligini qo‘lga kiritdi. Istiqlol xalqimizga o‘z taqdirini o‘zi belgilash, milliy qadriyatlarini tiklash, ona tili, tarixi, madaniyati va ma’naviy merosini erkin asrab-avaylash imkonini berdi. O‘zbekistonning mustaqil davlat sifatida jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashi uchun keng yo‘l ochildi.
Mustaqillik yillarida xalqimizning milliy o‘zligi yanada yuksaldi. Asrlar davomida shakllangan urf-odat va an’analarimiz, milliy bayramlarimiz, buyuk ajdodlarimiz merosini o‘rganishga jiddiy kirishildi. Imom Buxoriy, Imom at-Termiziy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur singari buyuk alloma va mutafakkirlarimizning ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, ularning nomini abadiylashtirish borasida katta ishlar amalga oshirildi. Jadid bobolarimizning ma’rifatparvarlik g‘oyalari, Vatan va millat taraqqiyoti yo‘lidagi fidoyiligi ham bugungi avlod uchun muhim ibrat manbaiga aylandi.
Bugun O‘zbekiston mustaqillikning yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda. So‘nggi yillarda mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, aholi farovonligini oshirish, iqtisodiyotni rivojlantirish, ta’lim va tibbiyot tizimini takomillashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bugun mamlakatimiz aholisining katta qismini yoshlar tashkil etadi. Demak, Vatanning ertangi taqdiri, uning ilm-fan, texnologiya, iqtisodiyot va madaniyat sohalaridagi yutuqlari bevosita yosh avlodning bilimi, salohiyati va faolligiga bog‘liq. Shu ma’noda, yoshlarga zamonaviy ta’lim berish, ularning xorijiy tillar va axborot texnologiyalarini egallashi, ilm-fan bilan shug‘ullanishi, sport va madaniyat sohalarida o‘z iste’dodini namoyon etishi uchun imkoniyatlar yaratilayotgani muhim ahamiyatga ega.
Mustaqillikning 35 yilligi faqat o‘tgan davrni sarhisob qilish emas. Bu sana kelajak haqida yanada katta maqsadlar bilan o‘ylashga undaydi. Biz bugun qanday mamlakatni barpo etayotgan bo‘lsak, ertangi avlod ana shu yurtda yashaydi. Shuning uchun har bir inson o‘z kasbi, mehnati, bilimi va tashabbusi bilan Vatan taraqqiyotiga hissa qo‘shishi kerak.
Muhandisning yangi loyihasi, o‘qituvchining bir o‘quvchiga bergan bilimi, shifokorning bemorga ko‘rsatgan mehri, dehqonning barakali mehnati, tadbirkorning yangi ish o‘rni yaratishi, olimning ilmiy kashfiyoti bularning barchasi yurt taraqqiyotiga qo‘shilgan hissadir. Shu bois mustaqillikni sevish faqat so‘z bilan emas, amaliy mehnat va fidoyilik bilan namoyon bo‘ladi.
Oldimizda katta maqsadlar, ulkan vazifalar turibdi. Bu maqsadlarga erishishning eng muhim sharti esa tinchlik, birdamlik, bilim, mehnat va Vatanga sadoqatdir. Mustaqillik - bizga berilgan buyuk ne’mat. Uni asrash, qadrlash va yanada mustahkamlash barchamizning umumiy burchimizdir. Zero, Vatan taqdiriga befarq bo‘lmagan har bir insonning ezgu mehnati mustaqil O‘zbekistonning buyuk kelajagiga qo‘shilgan munosib hissadir.
Perizat Mingtayeva,
xalq deputatlari Konimex tuman Kengashi raisi