Mustaqillik – birdamlik, ma’naviyat va taraqqiyot tantanasi
Mustaqillik — xalqning asrlar davomida orzu qilgan eng buyuk ne’mati, milliy g‘ururi va ertangi kunga bo‘lgan ishonchining mustahkam poydevoridir. Yangi O‘zbekistonda Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar zamirida ham avvalo inson qadrini ulug‘lash, millatlararo totuvlikni mustahkamlash, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy g‘urur va yuksak ma’naviyat ruhida tarbiyalashdek ezgu maqsadlar mujassam.
Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ana shu yuksak maqsadlarni hayotga tatbiq etishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Ushbu qaror asosida mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan tadbirlar mustaqillik g‘oyalarini keng targ‘ib qilish, xalqimizni yanada jipslashtirish va milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylashga xizmat qilmoqda.
Ana shunday ulkan ma’naviy loyihalarning biri Buxoro viloyatida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida tashkil etilgan “Mustaqillik to‘yi” festivali bo‘ldi. Uch kun davom etgan mazkur festival tom ma’noda xalq bayramiga aylanib, yuzlab ma’naviy-ma’rifiy, madaniy va ijtimoiy tadbirlar orqali minglab insonlarni bir ezgu g‘oya – Vatan ravnaqi va xalq birdamligi atrofida jamladi.
Festival dasturining markaziy qismi hisoblangan “Umummilliy birdamlik festivali” jamiyatning barcha qatlamlarini qamrab olgan o‘nga yaqin yirik ijtimoiy loyihalarni o‘zida mujassam etdi.
[gallery-30573]
Xususan, “Inson qadri” loyihasi doirasida yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish, ustoz-shogird an’analarini rivojlantirish, ehtiyojmand oilalar farzandlarini qo‘llab-quvvatlash, nuroniylar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga ma’naviy ko‘mak ko‘rsatishga qaratilgan xayrli ishlar amalga oshirildi. Bu tashabbus Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Inson qadri uchun” tamoyilining amaldagi yorqin ifodasi bo‘ldi.
Festival doirasida sahnalashtirilgan “Qasamyod” spektakli tomoshabinlarda katta taassurot qoldirib, yoshlar qalbida Vatanga sadoqat, milliy g‘urur va tarixiy xotira tuyg‘ularini yanada mustahkamladi. “Shijoat” vatanparvarlik loyihasi doirasida harbiy texnikalar ko‘rgazmalari, “Bir kunlik askarlik” tajribasi hamda “Birdamlik kubogi” sport musobaqalari o‘tkazilib, yoshlarning harbiy-vatanparvarlik ruhi yuksaltirildi.
Shuningdek, “Umummilliy birdamlik” loyihasi doirasida tashkil etilgan “Bir dasturxon” tadbirida turli millat va elat vakillari o‘z milliy taomlari, urf-odatlari, liboslari va san’atini namoyish etib, O‘zbekistonda hukm surayotgan millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini yana bir bor yaqqol namoyon qildi. “Do‘stlik maydoni” interaktiv yarmarkasi hamda birdamlik marafoni esa barchani ezgulik va hamjihatlik g‘oyalari atrofida birlashtirdi.
Festival dasturidan “Dildagi gaplar” ochiq muloqotlari, “Baxtli bolalik sharafiga” bolalar loyihasi, “Kitob marafoni”, “Maslahat oshi”, “Farovon hayotga ilk qadam” hamda “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostidagi gala-konsert ham munosib o‘rin oldi.
Tadbirlar Buxoro viloyatining barcha shahar va tumanlarini qamrab oldi. Kogon tumanida “Ziyorat odobi” va “Ma’rifat tur” loyihalari doirasida muqaddas qadamjolar tarixi hamda milliy-ma’naviy meros keng targ‘ib qilindi. Shuningdek, “Globallashuv sharoitida milliy o‘zlik, sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik masalalari” mavzusidagi seminar-treningda raqamli taraqqiyot davrida milliy qadriyatlarni asrash va yoshlarni axborot xatarlaridan muhofaza qilish masalalari muhokama qilindi.
Buxoro shahrida “Musiqa san’atining yoshlar tarbiyasidagi o‘rni” mavzusida ma’rifiy uchrashuv, “Yangi O‘zbekistonning baxtiyor bolalari” va “Yaxshilik karvoni” aksiyalari o‘tkazildi. Kun yakunida Ark qo‘rg‘oni maydonida tashkil etilgan “Milliy navolar” konsert dasturi bayramga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Qorako‘l, Olot, Shofirkon, G‘ijduvon, Peshku, Romitan, Vobkent va Buxoro tumanlarida ham “Inson qadri”, “Millat fidoyilari”, "Shukronalik", "Kinokarvon", "Shijoat" hamda "Umummilliy birdamlik" loyihalari doirasida aholi, ayniqsa yoshlar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar, sport musobaqalari va konsert dasturlari tashkil etildi.
—Mazkur festival faqatgina madaniy tadbirlar majmuasi emas, balki xalqimizni bir maqsad atrofida birlashtirishga qaratilgan ulkan ma’naviy harakatdir, —deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Buxoro viloyati bo‘limi rahbari birinchi o‘rinbosari Ma’muraxon Safoyeva. —Ayniqsa, yoshlar ongiga milliy g‘oya, vatanparvarlik, bag‘rikenglik va fuqarolik mas’uliyatini singdirishda bunday loyihalarning ahamiyati beqiyos. Prezidentimiz tomonidan ma’naviyat va ma’rifat sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor natijasida bugun inson qalbi va ongi uchun kurashish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Festival doirasida amalga oshirilgan har bir loyiha inson qadrini yuksaltirish, milliy birlikni mustahkamlash va Yangi O‘zbekiston g‘oyasini xalqimiz qalbiga chuqur singdirishga xizmat qildi.
Darhaqiqat, uch kun davom etgan festival yuzlab tadbirlar, seminar-treninglar, ijodiy uchrashuvlar, kitobxonlik aksiyalari, teatr tomoshalari, konsertlar va xayriya loyihalari orqali minglab yoshlar, ziyolilar, mahalla faollari, nuroniylar, harbiy xizmatchilar, pedagoglar, tadbirkorlar, ijodkorlar hamda turli millat va elat vakillarini bir maydonda jamladi.
Bu esa Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning eng muhim mezoni – inson manfaati, millat birligi va Vatan taraqqiyoti ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Buxoroda o‘tkazilgan “Mustaqillik to‘yi” festivali mustaqillikning 35 yilligiga munosib sovg‘a bo‘lib, xalqimiz qalbida Vatanga muhabbat, milliy g‘urur, o‘zaro hurmat va hamjihatlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi. Eng muhimi, bu kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar Prezidentimiz tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonda inson qadrini yuksaltirish, ma’naviy yuksalishni ta’minlash va milliy birlikni mustahkamlashga qaratilgan ezgu siyosatning amaliy samaralarini yaqqol namoyon etdi. Zero, birdam xalqning kelajagi hamisha porloq, mustaqilligi esa abadiy bo‘ladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari