Mustaqillik bayrami arafasida jajji qalblarga quvonch ulashildi
Mustaqillik xalqimiz uchun tinchlik, osoyishtalik, mehr-oqibat va ezgulik timsoli. Ayniqsa, yurtimizda bayramlar arafasida ehtiyojmand oilalar farzandlariga quvonch ulashish, ularning orzu-intilishlarini qo‘llab-quvvatlash ezgu an’anaga aylanib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida Guliston tumanida ham ana shunday xayrli tadbir tashkil etildi. Tuman hokimligi tashabbusi bilan kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun “O‘zbegim” tantanalar saroyida sunnat to‘yi o‘tkazildi.
Shodiyonaga 30 nafar jajji bolajon taklif qilinib, ular uchun unutilmas bayramona muhit yaratildi. Bolalarning quvonchi, yuzlaridagi samimiy tabassum, ota-onalarning mamnuniyat va minnatdorlik hislari tantanaga alohida fayz bag‘ishladi.

Tadbirda Guliston tumani hokimi Olimjon Jo‘rayev ishtirok etib, bolajonlarni qutlug‘ to‘ylari bilan samimiy muborakbod etdi. Ularga mustahkam sog‘lik, baxtli bolalik, yaxshi o‘qish va kelajakda Vatanimizga munosib, el-yurt koriga yaraydigan farzandlar bo‘lib kamol topishlarini tiladi.
– Bugun sizlar uchun unutilmas, quvonchli kun. Doimo sog‘lom, baxtli, odobli va bilimli bo‘lib ulg‘aying. Vatanimizga sadoqatli, xalqimizga naf keltiradigan munosib farzandlar bo‘lib kamol toping, – deya ezgu tilaklar bildirdi tuman rahbari.
Darhaqiqat, bolalikdagi har bir quvonchli lahza inson xotirasida bir umr saqlanadi. Shu ma’noda, Mustaqillik bayrami arafasida tashkil etilgan ushbu to‘y nafaqat bolajonlar, balki ularning ota-onalari va yaqinlari uchun ham katta quvonch bo‘ldi.

Tadbirda ishtirok etgan Oltin vodiy mahallasida istiqomat qiluvchi Karomatxon Barbarova ham bugungi shodiyonadan mamnunligini bildirdi.
– Jajji nabiralarimning to‘yi Mustaqillik bayramiga uyg‘un, ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Ayniqsa, ularning yuzidagi tabassumni ko‘rib, biz ham quvondik. Buning uchun, avvalo, yurtboshimizga va tadbir tashkilotchilariga minnatdorlik bildiraman. Zero, tinch va obod yurtga ana shunday to‘ylar, shodiyonalar yarashadi, – deydi u.
Tantana davomida bolajonlarga maxsus sovg‘alar topshirildi. Madaniyat markazi xodimlari tomonidan ijro etilgan dilrabo kuy-qo‘shiqlar, quvnoq chiqishlar va ko‘ngilochar dasturlar shodiyonaga yanada fayz va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

– Bugungi kabi ezgu tadbirlar ehtiyojmand oilalar va ularning farzandlariga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasidir. Mustaqillik bayrami arafasida 30 nafar bolajon uchun sunnat to‘yining tashkil etilgani ularga quvonch ulashish, oilalarni ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash va jamiyatda mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Zero, har bir bolaning baxti va kulgisi biz uchun eng katta qadriyat. Kelgusida ham ehtiyojmand oilalarni manzilli qo‘llab-quvvatlash, ularning farzandlari uchun munosib sharoitlar yaratish borasidagi ishlar izchil davom ettiriladi, – deydi tuman hokimining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Matluba Xudoyberdiyeva.

E’tiborlisi, ehtiyojmand oilalar farzandlariga quvonch ulashishga qaratilgan bunday ezgu tadbirlar viloyatning boshqa hududlarida ham davom ettirildi.
Jumladan, Sayxunobod tumanidagi “Osiyo” tantanalar saroyida tuman hokimligi tashabbusi bilan kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 100 nafar farzandi uchun tantanali sunnat to‘yi o‘tkazildi.
Tadbirda tuman hokimi Komiljon Mullajanov ishtirok etib, bolajonlarni qutlug‘ to‘ylari bilan samimiy muborakbod etdi. Ularga mustahkam sog‘lik, baxtli va farovon bolalik, ta’limda yuqori natijalarga erishish, kelajakda Vatanimizga munosib, el-yurt koriga yaraydigan farzandlar bo‘lib ulg‘ayishlarini tiladi.

Sirdaryo tumanida ham hokimlik tashabbusi bilan kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 187 nafar farzandi uchun sunnat to‘yi tashkil etildi. Tantana bolajonlar va ularning ota-onalari uchun katta quvonch va unutilmas xotiralarga boy bo‘ldi.

Bayramona dastur, dilrabo kuy-qo‘shiqlar, quvnoq va ko‘ngilochar chiqishlar shodiyonaga yanada fayz bag‘ishladi. Bolajonlarga esdalik sovg‘alari topshirilib, ularning quvonchiga quvonch qo‘shildi.
Eng muhimi, bu shodiyonalar bolajonlar qalbida yorqin va unutilmas xotira bo‘lib muhrlanadi. Mazkur tantanalar esa tinch va osoyishta yurtda har bir farzandning baxti, kamoli va kelajagiga yuksak e’tibor qaratilayotganining yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri