Mustaqil taraqqiyotning yangi mezonlari: qonun, inson va mas’uliyat
Mamlakat taraqqiyotini muayyan bir davr bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Taraqqiyotning haqiqiy mazmuni davlatchilik institutlarining qanchalik mustahkamlangani, qonunning jamiyat hayotidagi ta’siri, inson uchun yaratilgan imkoniyatlar va kelajak avlod manfaatlarining qay darajada ta’minlanganida namoyon bo‘ladi.
O‘zbekistonning 35 yillik mustaqillik tarixi ana shu nuqtai nazardan katta siyosiy va amaliy tajriba maktabidir.
Toshkentda davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada mamlakatimizning bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘li, amalga oshirilgan islohotlar va istiqboldagi vazifalar keng muhokama qilindi. Xorijiy parlamentlar, xalqaro tashkilotlar, ekspertlar va ilmiy doiralar vakillarining ishtirok etgani konferensiyaning mazmun-mohiyatini yanada boyitdi.
O‘tgan 35 yil davomida O‘zbekistonda mustaqil davlatchilikning huquqiy va institutsional asoslari shakllandi. Davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, ijtimoiy himoya, ta’lim, sud-huquq tizimi, tashqi siyosat kabi ko‘plab yo‘nalishlarda chuqur o‘zgarishlar yuz berdi. Ayniqsa, so‘nggi o‘n yillik mamlakat taraqqiyotida yangi siyosiy va iqtisodiy yondashuvlar qaror topgan davr sifatida alohida o‘rin tutadi.
2023-yilda yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiya ana shu jarayonlarning huquqiy poydevorini yanada mustahkamladi. Inson huquq va erkinliklari, qadr-qimmati, ijtimoiy himoyasi, davlatning fuqaro oldidagi mas’uliyatiga oid normalarning kuchaytirilishi davlat va jamiyat munosabatlariga yangi mazmun olib kirdi.
Konstitutsiyadagi normalarning hayotga to‘la tatbiq etilishi esa barcha davlat institutlari, xususan, parlament zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Qonunchilik palatasi uchun asosiy vazifalardan biri qabul qilinayotgan qonunlarning zamon talablariga, ijtimoiy ehtiyojlarga va Konstitutsiya tamoyillariga mosligini ta’minlashdir.
Qonunning kuchini uning qabul qilingani emas, jamiyatda qanday ishlayotgani belgilaydi. Fuqaro o‘z huquqini himoya qilish imkoniga ega bo‘lsa, tadbirkor qonuniy va barqaror muhitda ishlasa, davlat xizmati insonga qulaylik yaratsa, qonun ijodkorligining amaliy natijasi namoyon bo‘ladi. Shu bois qonunlarni qabul qilish bilan birga ularning ijrosini, ta’sirini va yuzaga kelayotgan huquqiy munosabatlarga mosligini muntazam tahlil qilish zarur.
Parlament nazoratining ahamiyati ham ana shu jarayonda yanada ortadi. Davlat dasturlari va qonunlar ijrosini o‘rganish, mas’ul idoralar faoliyatiga huquqiy baho berish, aholi murojaatlarida ko‘tarilayotgan masalalarni parlament muhokamasiga olib chiqish orqali qonunchilikning hayot bilan uzviy bog‘liqligi ta’minlanadi.
Taraqqiyotning iqtisodiy asoslari haqida so‘z borganda ham raqamlarning o‘zi bilan cheklanib qolmaslik lozim. 2025-yil yakuniga ko‘ra yalpi ichki mahsulot hajmining 147 milliard AQSH dollaridan oshgani, tashqi savdo aylanmasining 81,17 milliard dollarga yetgani, keyingi yillarda iqtisodiyotga 150 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar jalb etilgani mamlakat iqtisodiy salohiyati oshib borayotganini ko‘rsatadi.
Iqtisodiy o‘sishning barqarorligi esa, avvalo, xususiy tashabbus, raqobat, investitsiya uchun huquqiy kafolatlar va yangi ish o‘rinlariga bog‘liq. Shuning uchun iqtisodiy islohotlarning keyingi bosqichida biznes muhitini yanada takomillashtirish, mulk huquqini himoya qilish va tadbirkorlik sub’ektlari uchun teng sharoitlarni mustahkamlash muhim.
Ijtimoiy siyosatdagi o‘zgarishlar ham taraqqiyotning inson hayoti bilan bog‘liq jihatlarini ko‘rsatadi. Kambag‘allik darajasining 35 foizdan 5,8 foizga tushirilishi, 8,5 million nafar ehtiyojmand aholi daromadlarining oshirilishi, uy-joy qurilishi ko‘lamining kengayishi aholi farovonligini ta’minlash borasidagi ishlar samarasini ko‘rsatmoqda. Ta’lim qamrovining ortishi esa inson kapitaliga qaratilayotgan e’tiborning muhim ko‘rsatkichidir.
Shu bilan birga, taraqqiyot tushunchasi bugun ekologik mas’uliyat bilan ham chambarchas bog‘liq. Iqtisodiy o‘sish va tabiiy resurslarni asrash o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash kelajak uchun strategik ahamiyatga ega.
“Yashil makon” loyihasi doirasida qariyb 1 milliard tup daraxt va buta ekilishi, Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektardan ortiq maydonda o‘rmonzorlar barpo etilayotgani, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ishlab chiqarishdagi ulushi qariyb 45 foizga yetgani mamlakatda ekologik siyosatning mazmuni kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Ekologik masalalarni faqat tabiatni muhofaza qilish doirasida ko‘rish yetarli emas. Suv resurslaridan oqilona foydalanish, havo sifatini yaxshilash, chiqindilarni boshqarish, energiya samaradorligi, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, aholi uchun sog‘lom va xavfsiz yashash muhitini yaratish — inson farovonligi bilan bevosita bog‘liq vazifalardir. Shu jihatdan ekologik qonunchilikni takomillashtirish, huquqiy normalarning ijrosini ta’minlash va jamoatchilikning ekologik madaniyatini oshirish parlament e’tiboridagi muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lib qoladi.
Mustaqil taraqqiyotning yana bir muhim natijasi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ochiq va faol siyosatida ko‘rinadi. Prezidentimiz tashabbusi bilan Toshkentda Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasi o‘tkazilgani mamlakatimizning parlament diplomatiyasidagi nufuzi ortib borayotganini namoyon etdi.
Davlatimiz rahbarining xorijiy tashriflari davomida parlamentlar rahbarlari bilan uchrashuvlarga alohida e’tibor qaratayotgani ham siyosiy muloqotning yangi imkoniyatlarini ochmoqda. Parlamentlararo aloqalar orqali qonunchilik tajribasini o‘rganish, davlatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlik uchun zarur huquqiy asoslarni takomillashtirish mumkin.
Ayniqsa, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi yaqinlashuv jarayonida parlament diplomatiyasi muhim ahamiyat kasb etadi. Savdo, transport, energetika, suv va ekologik xavfsizlik bilan bog‘liq masalalar mintaqadagi davlatlarning umumiy manfaatlariga daxldor. Shuning uchun parlamentlar o‘rtasidagi doimiy muloqot mintaqaviy hamkorlikning huquqiy asoslarini mustahkamlashga xizmat qilishi kerak.
Konferensiya yakunida qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasida parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish, qonunchilik tajribasini almashish, o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan muloqotni kengaytirish hamda qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishga alohida urg‘u berilgani shu nuqtai nazardan muhim.
35 yillik taraqqiyot tajribasi oldimizga yangi vazifalarni ham qo‘ymoqda. Endi gap erishilgan natijalarni sanab o‘tish haqida emas, ularni barqaror va sifatli o‘sish manbaiga aylantirish haqida bormoqda. Qonun ustuvorligi, inson manfaati, iqtisodiy erkinlik, ijtimoiy adolat va ekologik xavfsizlik bir-birini to‘ldirgandagina taraqqiyot uzoq muddatli natija beradi.
Shu ma’noda, mustaqillikning 35 yilligi o‘tgan yo‘lga baho berish bilan birga, kelgusi vazifalarga mas’uliyat bilan qarash uchun ham muhim siyosiy palladir. Parlamentning vazifasi esa ana shu jarayonda qonunchilik sifatini oshirish, parlament nazoratining ta’sirchanligini ta’minlash, inson va tabiat manfaatlarini huquqiy jihatdan ishonchli himoya qilish hamda xalqaro parlamentlararo hamkorlik imkoniyatlaridan samarali foydalanishdan iborat.
Hilola YUSUPOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.