Mustaqil hayotga oq yo‘l!
Bugun erta tongdan Toshkent viloyatidagi 888 ta umumta’lim maktabida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” sadolari yangrab, 2023-2024 o‘quv yilining yakunlanganidan darak berdi.
Shu munosabat bilan umumta’lim maktablarida “Ilm –saodat kaliti” shiori asosida bayram tantanalari o‘tkazildi. Unda tuman va shaharlar hokimlari, sektorlar, yirik korxona va tashkilotlar rahbarlari, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, ziyolilar, yozuvchi va shoirlar hamda jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Jumladan, O‘rta Chirchiq tumanidagi 30-umumta’lim maktabida tashkil etilgan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirida ham tuman hokimi Ixtiyor Qosimov, hudud faollari, nuroniylar ishtirok etdi.

Tadbir avvalida maktab bitiruvchilariga Prezidentimiz tabrigi o‘qib eshittirildi. Katta hayot ostonasida turgan yoshlarga samimiy tilaklar bildirildi. Maktab o‘quvchilari ko‘zlarda yosh, yuzlarida sevinch ila ustozlariga ehtirom ko‘rsatib, o‘z minnatdorligini bildirdi.

Bu yil viloyatda 31 ming nafardan ziyod 11-sinf bitiruvchisi mustaqil hayotga qadam tashlamoqda. 2023-2024 o‘quv yilida o‘quvchilarning 851 nafari oltin, 132 nafari kumush medallarni qo‘lga kiritadi.
Aytish mumkin, mazkur o‘quvchilarning 69 nafari xorijiy, 19 nafari esa yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalariga muddatidan oldin talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldi.
A.Musayev,O‘zA muxbiri