Mustahkam oila — jamiyat poydevori
Oqoltin tumanida oila institutini mustahkamlash, ajrimlarning oldini olish va oilaviy qadriyatlarni targ‘ib qilish maqsadida "Oila muqaddas dargoh, ajrim yechim emas" mavzusida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv hamda yarashtiruv suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Tojiboyeva, tuman bosh imom-xatibi, otinoyilar, “Oqila ayollar” harakati faollari, mahalla raislari hamda tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.

Uchrashuvda oilaning muqaddasligi, er-xotin o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va mas’uliyat, farzandlar tarbiyasida sog‘lom ma’naviy muhitning ahamiyati, shuningdek, ajrimlarning salbiy oqibatlari haqida atroflicha fikr almashildi. Ta’kidlanganidek, oilaviy kelishmovchiliklarni o‘zaro muloqot, murosa va sabr-toqat orqali bartaraf etish mumkin. Zero, har bir saqlab qolingan oila farzandlar baxti, mahalla tinchligi va jamiyat barqarorligining muhim garovidir.
Tadbir doirasida ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularning muammolari chuqur o‘rganildi. Suhbatlar davomida ishtirokchilarga huquqiy, psixologik va ma’naviy maslahatlar berilib, oilaviy munosabatlarni tiklash yuzasidan amaliy tavsiyalar bildirildi.

4 ta oila bilan yarashtiruv ishlari olib borildi. Shundan 1 ta oila yarashtirildi, 1 ta oilaga munosabatlarni tiklash uchun muddat berildi, 2 ta oilaga esa huquqiy tushuntirishlar va tegishli tavsiyalar taqdim etildi.

Tadbir doirasida “Yangi davr” mahalla fuqarolar yig‘inida tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan hamda ijtimoiy xavf guruhiga kiruvchi xotin-qizlar bilan ham muloqot o‘tkazildi. Sirdaryo viloyati hokimining o‘rinbosari Nargiza Tojiboyeva ularning yashash sharoiti va muammolari bilan yaqindan tanishib, har bir murojaat yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni belgiladi.

Uchrashuvlar davomida ayollarga “Himoya orderi” olish tartibi, qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish mexanizmlari, psixologik va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari haqida atroflicha tushuntirishlar berildi. Shuningdek, ularni kasb-hunarga o‘qitish, bandligini ta’minlash hamda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha mavjud imkoniyatlar yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi.

— Sirdaryo viloyati hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Tojiboyeva ishtirokida o‘tkazilgan mazkur uchrashuvning asosiy maqsadi ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarning muammolarini joyida o‘rganish, ularni huquqiy, psixologik va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, eng muhimi, oilalarni saqlab qolishga ko‘maklashishdan iborat bo‘ldi. Bunday manzilli muloqotlar har bir holatga individual yondashish, kelishmovchiliklarning asl sabablarini aniqlash va ularni murosa yo‘li bilan hal etish imkonini beradi. Bugungi suhbatlar natijasida bir oilaning yarashtirilgani, yana bir oilaga munosabatlarni tiklash uchun muddat berilgani profilaktik ishlar samara berayotganini ko‘rsatdi. Zero, har bir saqlab qolingan oila — farzandlar baxti, mahalla osoyishtaligi va jamiyat barqarorligining muhim kafolatidir. Shu bois oilalarni mustahkamlashga qaratilgan bunday uchrashuvlar va yarashtiruv tadbirlari kelgusida ham izchil davom ettiriladi, — dedi Oqoltin tumani hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Shoira Qarshiboyeva.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri