Musiqali favvoralar Nurafshonni nurga to‘ldirdi
Nurafshon shahrida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan aholi va shahar mehmonlari uchun yana bir zamonaviy ko‘ngilochar maskan barpo etildi. “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi sun’iy ko‘l hududida uzunligi 70 metr bo‘lgan zamonaviy musiqali favvoralar majmuasi ochildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan bayram tadbirida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, hudud faollari, nuroniylar va yoshlar qatnashdi.

Mazkur favvoralar majmui Nurafshon shahrining zamonaviy qiyofasini yanada boyitib, aholi uchun mazmunli hordiq chiqarish, sayr qilish va bo‘sh vaqtni samarali o‘tkazish imkoniyatlarini kengaytirmoqda. U zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlangan bo‘lib, suv, yorug‘lik va musiqa uyg‘unligi o‘ziga xos tomosha muhitini yaratadi. Ayniqsa, kechki paytda bu yer yanada jozibali tus oladi. Turli rangdagi chiroqlar bilan yoritilgan 70 metrlik favvoralar musiqa sadolariga uyg‘un ravishda turli shakl va balandliklarda harakatlanib, tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlaydi.
Suv zarralarining yorug‘lik nurlari bilan uyg‘unlashuvi, musiqiy bezaklar va favvoralarning harakati shahar aholisi hamda mehmonlari uchun o‘ziga xos estetik muhitni shakllantirmoqda. Bu yerga kelganlar nafaqat favvora tomoshasidan bahramand bo‘lishi, balki tabiat qo‘ynida sayr qilib, yaqinlari bilan mazmunli vaqt o‘tkazishi mumkin. Majmua atrofida ham obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilib, sayr qilish va hordiq chiqarish uchun qulay sharoitlar yaratilgan. So‘lim xiyobonlar, sokin dam olish joylari, o‘tirish uchun o‘rindiqlar shahar aholisi, ayniqsa, keksalar va yoshlar uchun qulaylik yaratmoqda.

Hududda muzqaymoq, salqin ichimliklar hamda tez tayyorlanadigan taomlar shoxobchalarining faoliyat ko‘rsatayotgani ham tashrif buyuruvchilar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratyapti. Muhimi, yangi favvoralar majmuasi nafaqat zamonaviy arxitektura ob’ekti, balki aholining madaniy hordiq chiqarishi uchun o‘ziga xos maskanga aylandi.

Keyingi yillar Nuravshon shahrida zamonaviy shaharsozlik talablari asosida keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Yangi turar joylar, ijtimoiy ob’ektlar, zamonaviy infratuzilma tarmoqlari bilan bir qatorda, aholi uchun sayr qilish va hordiq chiqarishga mo‘ljallangan ko‘ngilochar hamda istirohat maskanlari barpo etilmoqda. Yangi favvoralar majmuasi ham ana shu ezgu ishlarning mantiqiy davomi bo‘lib, shaharning zamonaviy qiyofasiga yana bir o‘ziga xos chiroy qo‘shdi.
Nuravshon favvoralar majmuasi har kuni soat 20:00 dan 22:00 gacha shahar aholisi va mehmonlarga xizmat ko‘rsatadi.
A.Musayev,O‘zA