Murojaatlar sababini o‘rganish va ularga amaliy yechim topishga e’tibor qaratildi
Har bir murojaat ortida inson taqdiri, oila tashvishi va yillar davomida yechimini kutayotgan muammo turishi mumkin. Shuning uchun fuqaroning murojaatini tinglash — mas’uliyatning boshlanishi, uni hal etish esa davlat idoralari oldida turgan bevosita vazifadir. Yangiyer shahri va Xovos tumani aholisi bilan o‘tkazilgan sayyor qabulda 230 dan ortiq murojaat tinglanib, har bir masala yuzasidan aniq vazifalar va ijro muddatlari belgilab berildi.
Yangiyer shahrida joylashgan Guliston davlat universiteti Psixologiya va ijtimoiy fanlar fakulteti hovlisida o‘tkazilgan qabulda Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, viloyat prokurori, ichki ishlar va davlat soliq boshqarmalari rahbarlari, shuningdek, Yangiyer shahri va Xovos tumani hokimlari ishtirok etishdi.

Qabulga kelgan har bir fuqaroning o‘z dardi, o‘z tashvishi bor. Kimnidir uy-joy va yer masalasi qiynayotgan bo‘lsa, yana kimdir kadastr hujjatlari, ishga joylashish, kredit olish yoki kommunal xizmatlar bilan bog‘liq muammosini ko‘tardi. Ayrim murojaatlar esa ijtimoiy himoya, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalariga taalluqli bo‘ldi.

Murojaatlar soha va yo‘nalishlar kesimida tahlil qilinganda, eng katta salmoq uy-joy, yer va kadastr masalalariga to‘g‘ri kelgani ko‘rinadi. Bu yo‘nalishda 87 ta murojaat qayd etildi. Kommunal xizmatlar va infratuzilma bo‘yicha 39 ta, bandlik va ishga joylashtirish yuzasidan 27 ta, kredit va bank xizmatlari bo‘yicha 19 ta murojaat qabul qilindi.


Moddiy yordam va ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha 13 ta, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa ijtimoiy masalalar yuzasidan ham murojaatlar kelib tushdi.


Mahallalar kesimida esa murojaatlarning asosiy qismi Navro‘zobod, Davlatobod, A. Jomiy, Gulbahor va Ma’rifat mahallalari aholisi hissasiga to‘g‘ri keldi. Xususan, Navro‘zobod MFYdan 20 ta, Davlatobod MFYdan 17 ta, A. Jomiy MFYdan 13 ta, Gulbahor MFYdan 11 ta va Ma’rifat MFYdan 10 ta murojaat qayd etildi.
Bir qarashda bu raqamlar oddiy statistikadek ko‘rinishi mumkin. Ammo har bir raqam ortida bir insonning hayoti, bir oilaning tashvishi, yillar davomida yechimini kutayotgan muammo bor. Shu bois qabul jarayonida murojaatlarni shunchaki ro‘yxatga olish emas, ularning sababini o‘rganish va amaliy yechim topishga alohida e’tibor qaratildi.


Hal etish imkoni bo‘lgan masalalar joyidayoq ko‘rib chiqildi. Qo‘shimcha o‘rganish, vaqt yoki mablag‘ talab qiladigan murojaatlar bo‘yicha esa mas’ullarga aniq vazifalar va ijro muddatlari belgilab berildi. Ularning ijrosi Sirdaryo viloyati bo‘yicha Xalq qabulxonasi tomonidan nazoratga olindi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri