Murojaatlar ortida inson taqdiri bor
Ba’zan oddiy bir murojaat ortida insonning umidi, ishonchi va adolatga bo‘lgan intilishi yotadi. Raqobat qo‘mitasiga kelib tushayotgan har bir murojaat esa ana shu ishonchni oqlashga xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, qo‘mitaga jismoniy va yuridik shaxslardan savdo va ijtimoiy xizmatlar sohasida kelib tushayotgan murojaatlar izchil o‘rganilib, amalda ijobiy yechimini topmoqda.
Namangan viloyatida fuqaro o‘z vaqtida yetkazib berilmagan tovarlar uchun to‘lagan mablag‘ini qaytarishda amaliy yordam so‘rab murojaat qildi. Chust tumanida yashovchi M.G‘.ning Xitoydan “Vodiy logistika” orqali buyurtma qilgan mahsulotlari belgilangan muddatda yetkazib berilmagan. Qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar va berilgan huquqiy tushuntirishlar natijasida fuqaroga 6 million 524 ming so‘m mablag‘ to‘liq qaytarib berildi.
Jizzax viloyatida esa tadbirkor manfaati himoya qilindi. “Paxtakor teks” MCHJga nisbatan gaz ta’minoti idorasi tomonidan asossiz ravishda 263,6 million so‘m penya hisoblangani aniqlandi. Qonun talablari buzilgani yuzasidan tegishli choralar ko‘rildi va mazkur mablag‘ qayta hisob-kitob qilinib, korxona foydasiga bekor qilindi.
Andijon viloyatida fuqaroning xorijga ishga jo‘natish bilan bog‘liq muammosi ijobiy hal etildi. Baliqchi tumanida yashovchi A.T. “Turon World Corparation” MCHJga 11 million 500 ming so‘m to‘laganiga qaramasdan, va’da qilingan ish bilan ta’minlanmagan. Qo‘mita aralashuvi bilan ushbu mablag‘ fuqaroga to‘liq qaytarib berildi. Bu holat orqali fuqarolarni aldov va asossiz va’dalardan himoya qilish muhimligi yana bir bor namoyon bo‘ldi.
Bu kabi misollar shunchaki hisobot emas. Ular — adolat tiklanayotgani, qonun ishlayotgani va eng muhimi, inson manfaati ustuvor ekanining amaliy ifodasidir.
Nigora Rahmonova,
O‘zA