Murojaatlar ijrosi nazoratga olindi
Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev Paxtakor tumanida sayyor qabul o‘tkazdi.
Keyingi paytda fuqarolar ham, aholining ehtiyojlari bilan ishlovchi idora va korxona mas’ullari ham sayyor qabullarning ahamiyatini anglab yetmoqda. Chunki Prezidentimiz tomonidan odamlarning murojaatlariga quloq tutish har bir mutasaddi rahbarning oldida turgan eng muhim vazifalardan biri ekanligi ommaviy sayyor qabullarda o‘z ifodasini topayotir.

Shu jihatdan Paxtakor tuman markazida o‘tkazilgan sayyor qabul aholining kommunal soha, xususan, tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi, yo‘l, obodonlashtirish, sog‘liqni saqlash, maktab va maktabgacha ta’lim, bandlik muammolariga yechim topishda amaliy ahamiyatga ega tadbir bo‘ldi.
Sayyor qabul davomida 47 nafar fuqaro tomonidan 55 ta masala yuzasidan murojaat bo‘ldi. Murojaatlarning 20 tasi joyida hal etildi, 3 tasiga huquqiy tushuncha berildi.

Tegishli tashkilotlarlarga topshirilgan 32 ta murojaatning bajarilish muddatlari belgilanib, ijrosi viloyat hokimligi nazoratiga olindi.
Viloyat hokimi barcha yangi yil kayfiyati bilan yashayotgan ayni kunlarda oilalarda kommunal xizmatlar, oziq-ovqat mahsulotlari bilan bog‘liq muammolar bo‘lmasligiga alohida e’tibor qaratib, ushbu soha va xizmatlarda kamchilikka yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tegishli rahbarlar zimmasiga aniq vaziflar yukladi.

T. BEKNAZAROV, O‘zA