Murakkab geologik sharoitlarda samarali yechimlar izlanmoqda
Neft-gaz sohasida chuqur burg‘ilash ishlarini samarali tashkil etish, ayniqsa, murakkab geologik sharoitlarda barqaror natijalarga erishish muhim. Bunday jarayonlarda ilg‘or texnologiyalardan foydalanish, ish jarayonlarini optimallashtirish hamda xalqaro tajribani joriy etish katta ahamiyatga ega.
“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov hamda Rossiya Federatsiyasida faoliyat yurituvchi “BURINTEX” kompaniyasi bosh direktori Gniyatulla Ishbayev o‘rtasida o‘tkazilgan amaliy uchrashuvda shu haqda so‘z yuritildi.
Muloqot chog‘ida Ustyurt mintaqasidagi quduqlarda burg‘ilash ishlarini samarali tashkil etish, murakkab geologik sharoitlarda ishonchli natijalarga erishish uchun yuqori texnologiyali dolotalardan foydalanish masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish va resurslardan oqilona foydalanishga qaratilgan takliflar ham ko‘rib chiqildi.
Jamiyat axborot xizmati ma’lum qilganidek, “BURINTEX” kompaniyasi burg‘ilash hamda quduqlarni ta’mirlash uchun mo‘ljallangan uskunalar, asboblar va kimyoviy reagentlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, Rossiyadagi yetakchi ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi. Uning yillik tushumi 118 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Tadbir yakunida tomonlar respublika hududida burg‘ilash va quduqlarni ta’mirlash ishlariga zamonaviy uskunalarni jalb etish, yangi texnologik yechimlarni joriy qilish bo‘yicha istiqbolli loyihalar yuzasidan ham fikr almashdi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA