Muqaddas safardan qaytgan hojilarga ehtirom
Inson umrida shunday unutilmas va sharafli safarlar bo‘ladiki, ular qalbni poklaydi, ruhni yuksaltiradi va insonni ezgulik sari yetaklaydi. Islom olamining eng ulug‘ ibodatlaridan biri sanalgan Haj ziyorati ham ana shunday muqaddas va beqiyos ne’matdir. Bu safarga muyassar bo‘lgan inson nafaqat o‘zining, balki oilasi, mahallasi va butun yurtining ezgu niyatlarini qalbida olib boradi.
Ayni kunlarda muqaddas Makka va Madina zaminlarida Haj amallarini ado etib qaytgan yurtdoshlarimizni kutib olish tadbirlari mamlakatimiz bo‘ylab ko‘tarinki ruhda o‘tkazilmoqda. Joriy yilda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tashkil etilgan “Prezident hojisi” dasturi doirasida Buxoro viloyatidan ham 7 nafar fuqaro ushbu yuksak maqomga sazovor bo‘lib, muborak ziyoratni ado etish baxtiga muyassar bo‘lgan edi.
Muqaddas safardan qaytgan dastlabki buxorolik hojilar tantanali ravishda kutib olindi. Unda Buxoro viloyat hokimining o‘rinbosari Azizbek Qalandarov, viloyat bosh imom-xatibi Jobir domla Elov boshchiligidagi mutasaddilar, keng jamoatchilik vakillari hamda hojilarning yaqinlari ishtirok etdi.

Quvonch va hayajonga to‘la uchrashuvda ziyoratchilar muborak Haj amallarini sog‘-omon ado etib qaytganliklari munosabati bilan samimiy tabriklandi. Ularga Alloh taoloning roziligi, qilgan ibodat va duolarining qabul bo‘lishi tilab qolindi.
Ayniqsa, “Prezident hojilari” davlatimiz tomonidan yaratilgan keng imkoniyatlar, ziyoratchilar uchun ko‘rsatilgan yuksak g‘amxo‘rlik va e’tibor uchun Prezidentimiz hamda safarni yuqori darajada tashkil etgan mutasaddilarga chuqur minnatdorlik bildirdi. Ular muqaddas Ka’ba atrofida, Masjid an-Nabaviy va boshqa tabarruk maskanlarda mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, yurtimiz taraqqiyoti hamda yoshlarimizning baxtli kelajagi uchun duolar qilganliklarini mamnuniyat bilan ta’kidladi.

Haj safari insonni ma’nan kamolot sari yetaklaydigan, mehr-oqibat, sabr-toqat va shukronalik tuyg‘ularini mustahkamlaydigan ulkan hayot maktabidir. Bu muqaddas ziyoratdan qaytgan har bir hoji yurtimizda ezgulik, bag‘rikenglik va insoniy fazilatlarni targ‘ib etishda o‘ziga xos ma’naviy elchi vazifasini bajaradi.
Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning diniy ehtiyojlarini ta’minlash va ularning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani mazkur xayrli ishlarda yana bir bor o‘z ifodasini topmoqda.
Muqaddas safardan qaytgan hojilarning yuzidagi nur, qalbidagi shukronalik va duolaridagi samimiyat xalqimizga xos ezgu qadriyatlarning yorqin ifodasidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri