Munosabatlar xolis va shaffof boʻlsin
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan ommaviy axborot vositalari, internet nashrlarining ijodkorlari, blogerlar uchun muloqot tashkil etildi.
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan ommaviy axborot vositalari, internet nashrlarining ijodkorlari, blogerlar uchun muloqot tashkil etildi.
Onlayn tarzda oʻtkazilgan muloqotda Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlari mutasaddilari va masʼul xodimlari ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi ishchi-xodimlarning mehnat huquqlari va manfaatlarini himoyalovchi yirik jamoat tashkiloti sanaladi. Uning faoliyatida xodimlar salomatligini asrash, mehnatga oid qonunchilik talablariga ogʻishmay rioya etilishini taʼminlash bilan birga, mehnatkashlar ijtimoiy muhofazasiga jiddiy eʼtibor qaratish ustuvor oʻrin egallaydi.
Oʻtgan vaqt mobaynida Federatsiya tomonidan ish haqidan qarzdorlik masalalarini hal etish, ishchilar sogʻligʻini asrash, xodimlarning noqonuniy tarzda ishdan boʻshatilishining oldini olish, haq-huquqi buzilgan xodimlarga zarur yuridik koʻmak koʻrsatish kabi turli jarayonlarni ijobiy hal etishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Shu bilan birga xotin-qizlar muammolarini oʻrganish, ularga oʻz vaqtida yechim topish, moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash, kelib tushayotgan murojaatlarni tezkor, oʻz vaqtida koʻrib chiqish borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Muloqot davomida pedagogika, tibbiyot sohasi xodimlari manfaatlarini himoyalash, ijtimoiy tarmoqlar orqali koʻtarilayotgan dolzarb masalalarga tezkor yechim topish, mehnat munosabatlarida qonunbuzilishining oldini olishga doir savollarga batafsil javob qaytarildi. Har bir holatga obyektiv, haqqoniy yondashish maqsadga muvofiq ekani taʼkidlandi. Ayni paytda sohaga doir amaliy ishlar ommaviy axborot vositalari orqali keng, doimiy, xolis yoritilishi kasaba uyushmalari tizimidagi shaffoflikni taʼminlash uchun ham, xalqimiz va jamiyatimiz uchun ham faqat foyda keltirishi aytildi.
Bu kabi media uchrashuvlarni muntazam oʻtkazish, ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan hamkorlikni tobora kuchaytirish yuzasidan rejalar belgilandi.