Mukammal ta’mirlandi
Sirdaryo viloyatida elektr energiyasi ta’minoti barqarorligini ta’minlash, avariya holatlarining oldini olish hamda iste’molchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida elektr tarmoqlarida keng ko‘lamli mukammal va joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur chora-tadbirlar energetik tizimning ishonchliligini oshirish va elektr energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirishga qaratilgan.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Sirdaryo hududiy filiali hamda uning tuman va shahar elektr ta’minoti korxonalari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar doirasida mavjud infratuzilma bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinmoqda.
Xususan, Guliston shahar elektr ta’minoti korxonasi mutaxassislari tomonidan Sayqal mahallasi hududida joylashgan 10 kVli “Alpomish” havo elektr uzatish tarmog‘ida mukammal va joriy ta’mirlash ishlari bajarildi. Jarayon davomida tarmoqning texnik holati yaxshilanib, ishonchliligini oshirish maqsadida yangi ajratgichlar o‘rnatildi.
– Mazkur profilaktik ishlar elektr tarmoqlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozlik va avariya holatlarining oldini olish, iste’molchilarni uzluksiz va sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Guliston shahar elektr ta’minoti korxonasi bosh muhandisi Rahmiddin Mallayev.
Rejaga muvofiq, 2026–2027-yillar mavsumini barqaror o‘tkazish maqsadida Guliston shahar elektr ta’minoti tomonidan umumiy uzunligi 92,5 kilometrni tashkil etuvchi 0,4–10 kVli havo elektr uzatish tarmoqlari hamda 38 ta transformator punktlarida bosqichma-bosqich mukammal ta’mirlash ishlarini amalga oshirish belgilangan. Hozirda ishlar tasdiqlangan grafik asosida izchil davom etmoqda.
Eng muhimi, ushbu keng ko‘lamli ishlar elektr energiyasi ta’minoti barqarorligini ta’minlash bilan birga, aholi turmush sifatini oshirish hamda iqtisodiyot tarmoqlarining uzluksiz faoliyatini ta’minlashda muhim rol o‘ynamoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri