Mukammal loyiha – sifatli qurilish asosidir
FOTOREPORTAJ
Surxondaryo azaldan yurtimizning eng go‘zal go‘shalaridan sanaladi. Bugun bu maftunkor zamin milliy va zamonaviy arxitektura namunalari asosida barpo etilayotgan inshootlar, ravon yo‘llar, shinam uy-joylar tufayli yanada ko‘rkamlashmoqda.
Har qanday imoratning chinakam e’tirofga ega bo‘lishi uchun, eng avvalo, mukammal loyiha kerak bo‘ladi. Shu bois, mahoratli quruvchilar mehnatining yuzaga chiqishida loyihalarning ahamiyati beqiyos. Viloyatda 2014 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan “Salovat sifat loyiha” MCHJ jamoasi yaratayotgan loyihalar ham zamonaviy andozalarga mosligi va malakali mutaxassislar ijod mahsuli ekani bilan e’tibor qozonib kelmoqda.
Hozirgi kunda jamoa mutaxassislari ob’ektlarning murakkablik toifalari klassifikatori bo‘yicha III toifadagi ob’ektlar uchun to‘liq kompleksda loyihalash ishlarini amalga oshirmoqda. Xususan, uy-joy xo‘jaligi hamda suv xo‘jaligi qurilishi uchun ob’ektlar va komplekslar loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, ularning muhandislik tarmoqlari va tizimlarini loyihalashtirish, umumiy foydalanuvdagi avtomobil yo‘llari qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash uchun loyiha-smeta hujjatlarini yaratish kabi muhim vazifalar bajarilmoqda. Shuningdek, jamoa transport, yo‘l qurilishi ob’ektlari va komplekslari hamda magistral muhandislik tarmoqlarini loyihalashtirish, geodeziya va kartografiya, ko‘priklar va tunnellarni loyihalashtirish, qurish va ularni ta’mirlash bo‘yicha respublikamizning barcha hududlarida faoliyat yuritmoqda.
[gallery-13323]
Ish unumdorligi va loyihalar mukammalligini ta’minlashda, albatta, zarur texnika vositalarining o‘rni beqiyos. “Salovat sifat loyiha” MCHJ viloyatda yagona bo‘lgan – Shvetsariyadan keltirilgan geodezik yo‘ldoshni GPS qabul qiluvchi GS15 Rerformance kompleks uskunasi, Leica TC 02 plus o‘lchov moslamasi, optik nivelir Jogger 32 majmuasi, GST 05 shtativi, Motorola TLKR T80 Extreme ratsiya uskunalari orqali topogeodeziya s’yomkalarini amalga oshirib kelayapti.
Jamiyatda 62 nafar xodim mehnat qilmoqda. Ularning 43 nafari oliy ma’lumotli mutaxassis ekani har bir ishning mukammal bo‘lishiga zamin bo‘layotir.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA