Muhim transport arteriyasi
O‘zbekiston avtomobil yo‘llari nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro ahamiyatga molik muhim transport-kommunikatsiya tarmoqlaridan hisoblanadi.
O‘zbekiston avtomobil yo‘llari nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro ahamiyatga molik muhim transport-kommunikatsiya tarmoqlaridan hisoblanadi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida avtomobil yo‘llarini qurish, ta’mirlash va ularni jahon andozalariga moslashtirish yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida so‘nggi yillarda qariyb 2 ming kilometr avtomobil yo‘li, xususan, O‘zbekiston milliy avtomagistrali tarkibiga kiruvchi 1,5 ming kilometrlik yo‘l barpo etilgani tarmoqdagi ishlar ko‘lamidan dalolat beradi.
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida «O‘zavtoyo‘l» davlat aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida shular haqida so‘z bordi.
Davlatimiz rahbarining 2015-yil 6-martdagi «2015-2019-yillarda muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish dasturi to‘g‘risida»gi qarori yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Qarorga asosan O‘zbekiston milliy avtomagistrali tarkibiga kiradigan avtomobil yo‘llari qismlari va umumiy foydalanishdagi yo‘llarni qurish hamda rekonstruksiya qilish, yo‘l tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilangan. Xususan, 2015-2019-yillar mobaynida qariyb 3 ming kilometr uzunlikdagi yo‘llarda qurish va rekonstruksiya ishlari amalga oshiriladi. Shu bilan birga, 4 ming kilometrdan ziyod xo‘jaliklararo yo‘llar, qariyb 2 ming kilometr shahar, qishloq va tuman ko‘chalari ta’mirlanishi, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini joriy ta’mirlash va saqlashni ta’minlaydigan 993 jihoz va yo‘l-qurilish texnikasini xarid qilish nazarda tutilgan.
– “O‘zavtoyo‘l” davlat aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan umumiy foydalanishdagi 42 ming kilometrdan ziyod avtomobil yo‘llariga xizmat ko‘rsatilmoqda, – deydi kompaniya boshqaruvi raisining o‘rinbosari Shuhrat Nazarov. – Yil davomida avtomobil yo‘llari orqali uzluksiz va xavfsiz transport qatnovini ta’minlash, avtomobil yo‘llarini texnik soz holatda saqlashda kompaniya tarkibidagi 13 hududiy yo‘llardan foydalanish tashkiloti, xalqaro va davlat ahamiyatiga molik yo‘llarni saqlashga ixtisoslashtirilgan 7 mintaqaviy ta’mirlash-foydalanish korxonasining hissasi salmoqli bo‘lmoqda.
Investitsiya dasturlariga asosan joriy yilda 376,1 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘llarini qurish va to‘liq ta’mirlash ko‘zda tutilgan.
O‘tgan davr mobaynida 116,7 kilometrlik yo‘llar yangidan qurildi va rekonstruksiya qilindi, 34,9 kilometr yo‘l mukammal ta’mirlandi. 670 kilometr yo‘l joriy ta’mirdan chiqarildi.
Tadbirda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.