Muhandislik sari ishonchli qadam
Jizzaxda muhandislik ta’limini maktab bosqichidanoq amaliyot va oliy ta’lim bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan yangi tizim shakllanmoqda. Jizzax politexnika instituti bilan integratsiyalashgan Muhandislik maktabi faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi ana shu ezgu maqsadning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Yangi ta’lim maskani oldiga yoshlarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish, ularda muhandislik sohasiga qiziqish uyg‘otish va maktab ta’limini oliy ta’lim hamda ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘lash kabi muhim vazifalar qo‘yilgan.
Jizzax politexnika institutida Muhandislik maktabiga qabul qilingan o‘quvchi-yoshlar bilan tashkil etilgan uchrashuv ham ana shu vazifalar mazmunini yanada boyitdi. Muloqotda institut rektori A. Usmanqulov, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor M. Ochilov, Muhandislik maktabi rahbariyati va pedagogik jamoasi, shuningdek, o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuv samimiy tabrik va ezgu tilaklar bilan boshlandi. Rektor yangi o‘quv yili munosabati bilan yoshlarni qutlab, ularga ta’lim olish jarayonida omad va muvaffaqiyat tiladi. Ayni paytda bugungi o‘quvchilar ertaga o‘z sohasining yetuk va malakali mutaxassislariga aylanishiga ishonch bildirdi.
[gallery-31492]
Uchrashuv davomida Jizzax politexnika institutidagi ta’lim yo‘nalishlari, talabalar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, xalqaro hamkorlik dasturlari, zamonaviy ta’lim imkoniyatlari, muhandislik yo‘nalishlari, ilg‘or laboratoriyalar va istiqbolli loyihalar haqida ham ma’lumot berildi. Bu ma’lumotlar o‘quvchilar tasavvurida bugungi ta’lim imkoniyatlari va kelgusi kasbiy faoliyat o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni yanada kengaytirdi.
Muhandislik maktablarida o‘quv jarayoni 5 yillik dastur asosida STEM modeli bo‘yicha tashkil etiladi. Unda 240 nafar o‘quvchi davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan ta’lim oladi. Ta’limning 1-3-yillarida fizika, matematika va xorijiy til fanlariga, 4-5-yillarida esa muhandislik fanlariga boshlang‘ich tayyorgarlikka alohida e’tibor qaratiladi.
Tizimning muhim jihatlaridan yana biri bitiruvchilar uchun yaratilgan imkoniyatdir. Belgilangan talablarni bajargan muhandislik maktablari bitiruvchilari muhandislik ta’lim dasturi bo‘yicha tegishli oliy ta’lim yo‘nalishida bir yillik qo‘shimcha davlat granti asosida 2-kursdan test sinovlarisiz va qo‘shimcha imtihonlarsiz o‘qishni davom ettirish huquqiga ega bo‘ladi.
Demak, maktabda olingan bilim keyingi ta’lim bosqichi bilan uzviy davom etishi uchun aniq imkoniyatlar yaratilmoqda. Bunday yondashuv yoshlarning qiziqishi va qobiliyatini erta aniqlash, ularni maqsadli tayyorlash hamda kelgusida malakali muhandis kadrlar safini kengaytirishga xizmat qiladi.
Uchrashuv doirasida o‘quvchilar Jizzax politexnika institutining Avtomobilsozlik muhandislik maktabi hamda Muqobil energiyalarni tadqiq etish ilmiy-amaliy markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Bu jarayon ularga muhandislik sohasining nazariy bilimlar bilan cheklanib qolmasligi, zamonaviy texnologiya, tadqiqot va amaliy faoliyat bilan chambarchas bog‘liq ekanini his etish imkonini berdi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari