Mudofaa ishlari boshqarmasi yangi binoda
Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan o‘zgarish va yangilanishlar mamlakat mudofaa salohiyatini oshirish, harbiy xizmat nufuzini yuksaltirish, xalqimizda armiyaga bo‘lgan yuksak ishonchni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev Mudofaa ishlari boshqarmasi har bir o‘spirin yigit uchun armiyaning ostonasi, yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantiradigan maskan bo‘lib qolishini tiladi. Shu bilan birga yangi bino endilikda mamlakatimiz mudofaa salohiyatini yuksaltirish, eng sara qoraqalpog‘istonlik yoshlarni armiya saflariga tayyorlashda ko‘maklashish, xalqimiz va armiyamiz o‘rtasidagi mustahkam ko‘prik vazifasini o‘tashiga ishonch bildirdi.
[gallery-17370]
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Farhodjon Shermatov Qoraqalpog‘iston Respublikasida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlariga hamohang tarzda zamonaviy va ko‘rkam ko‘rinishda barpo etilgan Mudofaa ishlari boshqarmasining yangi binosi endilikda Orolbo‘yi xalqiga xizmat qilishini ta’kidladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi harbiy-ma’muriy sektori ko‘magi bilan Mudofaa vazirligi ob’ektlarini qayta qurish va kapital ta’mirlash ishlarini olib borishda katta amaliy yordam berayotgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi rahbariyatiga o‘zining minnatdorligini bildirdi.
Zamonaviy dizayn asosida qurilgan va aholiga xizmat ko‘rsatish uchun barcha qulayliklarga ega bo‘lgan ushbu binoda navbatchilikni o‘tash uchun xona, boshqaruv punkti, arxiv, jismoniy va yuridik shaxslarni qabul qilish uchun maxsus joy, chaqiriluvchilar va hisobda turuvchilar haqida elektron ma’lumotlar bazasini yuritish xonasi hamda 30 ta xizmat xonasi mebel, kompyuter jamlanmalari va boshqa zarur buyumlar bilan to‘liq jihozlandi.
Armiyaning jangovar qudrati, salohiyati, buyuk ajdodlarimizning jasoratidan so‘zlovchi ko‘rgazmali vositalar bilan bezatilgan binoning ichki devorlari bu yerga keladigan yoshlarga Qurolli Kuchlarimiz haqida kengroq bilimga ega bo‘lishni ta’minlaydi. Oliy harbiy ta’lim muassasalari va “Temurbeklar maktab”lari haqida batafsil ma’lumotlarni yetkazadi.
Binoning ochilish marosimida ramziy lenta kesilganidan keyin tadbir ishtirokchilari bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari