Muborak oy fazilatlari ko‘ngillarni shod etmoqda
Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi
Boysun tumanidagi “Osiyo” restoranida O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi va tuman hokimligi hamkorligida iftorlik dasturxoni yozildi.

Yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlar, keng jamoatchilik, din hamda mahallalarning ehtiyojmand oilalari vakillari ishtirok etgan tadbirda tuman hokimi Bahodir Shukurov va boshqalar keyingi yillarda mamlakatimizda Ramazoni sharif nafaqat ibodat, poklanish, shukronalik, balki ijtimoiy adolat, inson manfaatlari va uning qadr-qimmati ulug‘lanayotgan muborak oyga aylanganini ta’kidladi. Ramazon oyining insonlarni ezgulikka, mehr-oqibat va saxovatga chorlovchi fazilatlari haqida fikr yuritildi.

Prezidentimizning 2026-yil 16-fevraldagi “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori yurtimizda muqaddas oyni milliy an’ana va qadriyatlarimizga mos hamda munosib o‘tkazishda dasturilamal bo‘lmoqda.

Ramazoni sharif shukuhi esib yurgan fazilatli oyda tumanda ijtimoiy reyestrdagi 12 oilaning bemor a’zosi “Vaqf” xayriya jamoat fondi ko‘magida bepul davolanib, jarrohlik amaliyotini o‘tkazdi. Ijtimoiy reyestrning turli toifalaridagi hamda “mahalla yettiligi” shakllantirgan qo‘shimcha ro‘yxatdagi ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam pullari berildi. Ayni paytda ham tumanda kam ta’minlangan oilalarga moddiy-ma’naviy g‘amxo‘rlik, bemorlarga mehr-oqibat ko‘rsatilmoqda.

Iftorlik dasturxoni yakunida nuroniylar yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va elu yurtimizga fayz, baraka tilab duoga qo‘l ochdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri