Muammolar ochiq aytildi, mas’ullar ogohlantirildi
Inson qadri, uning hayoti va salomatligini muhofaza qilish har qanday davlat siyosati va islohotlarning ustuvor mezoni. Bu tamoyil Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan navbatdagi hokimlik soatida ham asosiy mavzulardan biri bo‘ldi. Yig‘ilishda aholining sanitariya-epidemiologik xavfsizligi, tibbiy xizmat sifati, ichimlik suvi ta’minoti hamda bozorlardagi sanitar holat yuzasidan mavjud muammolar atroflicha tahlil qilindi.
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov sohalardagi kamchiliklarni ochiq tanqid qilib, ayrim mas’ullarning vazifasiga sovuqqon va befarq munosabati jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi. Yig‘ilishda, ayniqsa, inson salomatligi bilan bog‘liq masalalarda mas’uliyat va nazorat susayishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi qayd etildi.

Muhokamalar davomida Sayxunobod tumanidagi sanitariya-epidemiologik holat alohida tanqid ostiga olindi. Viloyat rahbari “Vaqtni boy berish — ba’zan inson hayotini boy berish bilan barobar”, — deya mas’ullarni tezkorlik va qat’iy choralar ko‘rishga chaqirdi. Ta’kidlanganidek, bunday masalalardagi loqaydlik va kechikish og‘ir ijtimoiy oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Yig‘ilishda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasidagi muammolar ham jiddiy muhokama qilindi. Xususan, ayrim suv inshootlarida suvni zararsizlantirish uskunalari mavjud emasligi, Xovos, Boyovut va Sirdaryo tumanlarining ayrim mahallalarida aholi hanuz to‘liq tozalanmagan suvdan foydalanib kelayotgani keskin tanqid qilindi. Bu holat aholi salomatligi uchun xavfli omil sifatida baholandi.

Shuningdek, bozorlar va savdo nuqtalaridagi sanitariya holati ham e’tibor markazida bo‘ldi. Ayniqsa, go‘sht va sut mahsulotlari sotiladigan hududlarda sanitariya talablariga to‘liq rioya etilmayotgani, tozalik va xavfsizlik masalalari yetarli darajada nazorat qilinmayotgani haqli e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Viloyat rahbari bu borada mutasaddilarga aniq vazifalar yuklab, nazoratni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
Tibbiyot muassasalaridagi ayrim muammolar ham tanqidiy ruhda muhokama qilindi. Jumladan, ba’zi poliklinikalarda kasalliklarni aniqlash uchun zarur bo‘lgan laboratoriya reaktivlari yetishmasligi sohada hali qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘pligini ko‘rsatishi ta’kidlandi. Bu esa tibbiy xizmat sifati va tashxis jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi qayd etildi.

Yig‘ilish yakunida barcha mutasaddi tashkilotlar va rahbarlarga mavjud kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi. Ta’kidlanganidek, asosiy maqsad kimnidir jazolash emas, balki aholi salomatligini muhofaza qilish, xavfsiz va sog‘lom hayot muhitini ta’minlashdan iborat.
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning “Odamlar salomatligiga befarq qaragan rahbar bilan ishlash qiyin bo‘ladi”, — degan qat’iy ogohlantirishi yig‘ilish ishtirokchilari uchun jiddiy saboq va mas’uliyat chaqirig‘i bo‘ldi.


G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri