Muammolar joyida o‘rganildi
Obod mahalla, eng avvalo, odamlar dardi eshitiladigan, muammolarga joyida yechim topiladigan hududdir. Prezident tashabbusi bilan e’lon qilingan «Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi» doirasida Sirdaryo tumanidagi Tinchlik mahallasida tashkil etilgan o‘rganishlar ham aynan shu tamoyil asosida o‘tkazildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek Hasanov boshchiligidagi ishchi guruh aholi xonadonlariga tashrif buyurib, fuqarolarning murojaatlarini tingladi, sanitariya-gigiyena holatini o‘rgandi hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni belgiladi.
Bugungi kunda Tinchlik mahallasida 3 ming 770 nafar aholi istiqomat qiladi. Hududda 784 ta xonadon, 870 ta oila va 16 ta ko‘p qavatli uy mavjud. Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj 45 ta oila doimiy nazoratga olingan.
Xonadonlarga tashriflar davomida sanitariya-gigiyena holati, ichimlik suvidan foydalanish madaniyati, hovli va ko‘chalarning ozodaligi, obodonlashtirish ishlari hamda aholining yashash sharoitlari atroflicha o‘rganildi. Har bir murojaat yuzasidan mas’ul tashkilotlar ishtirokida amaliy choralar belgilandi.
Joriy yilning 28-iyul holatiga ko‘ra, mahalladagi 471 ta xonadon xatlovdan o‘tkazildi. O‘rganishlar natijasida fuqarolar tomonidan bildirilgan 44 ta murojaat ijobiy hal etildi. Bu esa aholi bilan ishlashda murojaatlarni shunchaki qayd etish emas, balki ularga tezkor va amaliy yechim topishga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini ko‘rsatadi.

Tadbir doirasida sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati mutaxassislari tomonidan keng qamrovli targ‘ibot ishlari ham olib borildi. Aholiga mavsumiy va yuqumli kasalliklarning oldini olish, shaxsiy va jamoat gigiyenasi qoidalariga qat’iy rioya etish, maishiy chiqindilarni belgilangan tartibda chiqarish, ichimlik suvidan xavfsiz foydalanish, shuningdek, xonadon va ko‘cha hududlarini ozoda saqlash yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.
Mahalladagi tadbirkorlar ham ushbu xayrli tashabbusga munosib hissa qo‘shdi. Ular tomonidan irrigatsiya tarmoqlari va lotoklar tozalandi, ariq-zovurlar chiqindilardan xoli etildi hamda hududni yanada obod qilishga qaratilgan amaliy ishlar amalga oshirildi.
— Bugun faqat sanitariya holatini baholashning o‘zi yetarli emas. Eng muhimi, aholi bilan bevosita muloqot qilish, ularning dardu tashvishlarini eshitish va muammolarni joyida hal etishdir. Chunki sog‘lom turmush muhiti har bir xonadondan boshlanadi. «Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi» doirasida amalga oshirilayotgan ishlar sanitariya madaniyatini yuksaltirish, kasalliklar profilaktikasini kuchaytirish hamda mahallalarni yanada obod etishga xizmat qilmoqda. Bu tashabbus bir oylik tadbir emas, balki aholi salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan uzluksiz jarayon sifatida davom etadi, — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek Hasanov.
Darhaqiqat, aholi salomatligini mustahkamlash nafaqat sifatli tibbiy xizmatga, balki har bir mahallada sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilinishi, tozalik va obodlik muhitini ta’minlashga ham bevosita bog‘liq.
Tinchlik mahallasida amalga oshirilgan bu kabi ishlar Prezident tashabbusi bilan boshlangan «Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi»ning mazmun-mohiyatini hayotga izchil tatbiq etish barobarida, inson qadrini ulug‘lash va aholi farovonligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarning amaldagi natijasini yaqqol namoyon etdi.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri