Muammo idorada emas, mahallada hal bo‘lmoqda
Yer hujjatini rasmiylashtirish, kadastr pasportini olish yoki ko‘chmas mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun idorama-idora sarson yurish davri ortda qolmoqda. Sirdaryo viloyatida kadastr tizimi fuqaroni kutishni emas, uning oldiga borishni tanladi. Endi murojaatlar mahallalarning o‘zida qabul qilinib, ko‘plab masalalar joyida hal etilmoqda. Onlayn muloqotlar va jonli teleefirlar esa davlat xizmati bilan aholi o‘rtasidagi masofani yanada qisqartirmoqda.
— Buning amaliy natijasi viloyatning barcha shahar va tumanlarida o‘tkazilayotgan sayyor qabullarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda, — deydi Davlat kadastrlari palatasi Sirdaryo viloyati boshqarmasining murojaatlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Jamshid Abdullayev.
Uning ta’kidlashicha, yer munosabatlari, ko‘chmas mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, mulkiy huquqlarni e’tirof etish va boshqa masalalarga oid murojaatlar bevosita mahallalarda qabul qilinib, imkoniyat doirasida shu joyning o‘zida hal etilmoqda.

Buning yorqin misoli Sirdaryo tumanining chegaradosh hududida joylashgan «Zarshunos» mahallasida tashkil etilgan navbatdagi sayyor qabul bo‘ldi. Unda soha rahbarlari, mutaxassislar, mahalla ahli va faollar ishtirok etishdi.
Qabul davomida yer ajratish, yer uchastkalarining huquqiy maqomini belgilash, chegaralarni aniqlashtirish, ko‘chmas mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishga oid murojaatlar ko‘rib chiqildi. Ularning aksariyatiga shu joyning o‘zida huquqiy tushuntirishlar berildi va amaliy yordam ko‘rsatildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etilgan masalalar esa nazoratga olinib, ijrosini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.

Sayyor qabullar bilan bir qatorda davlat xizmatlari ham aholiga yanada yaqinlashtirilmoqda. Mutaxassislar mahallalarga chiqib, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, ko‘chmas mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda yer munosabatlariga oid huquqiy maslahatlar bermoqda. Zarur hollarda esa fuqarolarning xonadonlariga borib, murojaatlarni joyida o‘rganish amaliyoti ham yo‘lga qo‘yilgan.
Ayniqsa, yoshi ulug‘, nogironligi bo‘lgan yoki salomatligi tufayli qabullarga kela olmaydigan fuqarolar uchun tashkil etilgan uyma-uy xizmat aholi tomonidan katta mamnuniyat bilan qarshi olinmoqda.
— Murojaatlar bilan ishlashda raqamli imkoniyatlardan ham samarali foydalanilmoqda. Har hafta juma kuni soat 15:00 da boshqarmaning rasmiy ijtimoiy tarmoqlari orqali o‘tkaziladigan «Onlayn audio muloqot»da rahbariyat va mutaxassislar fuqarolarning savollariga real vaqt rejimida javob berib, huquqiy tushuntirishlar va amaliy tavsiyalar taqdim etadi, — deydi Jamshid Abdullayev.

Shu kunga qadar 22 ta onlayn muloqot o‘tkazilib, ularning umumiy davomiyligi 420 daqiqani tashkil etdi. Natijada 80 dan ortiq murojaat ijobiy hal qilinib, ko‘plab masalalarning amaliy yechimi topildi.
Fuqarolar bilan ochiq muloqotning yana bir samarali maydoni — har hafta juma kuni soat 18:30 da hududiy televideniye orqali efirga uzatiladigan «Ochiq muloqot» ko‘rsatuvidir. Jonli efir davomida telefon qo‘ng‘iroqlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali kelib tushgan savollarga mutasaddilar tomonidan javob beriladi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etilgan murojaatlar esa nazoratga olinib, ijrosi ta’minlanadi.

Efirlarda kadastr sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, raqamli xizmatlar, qonunchilikdagi yangiliklar hamda aholi uchun yaratilgan qulayliklar haqida atroflicha ma’lumot beriladi. Bu esa fuqarolarning huquqiy xabardorligini oshirish bilan birga murojaatlarning tezkor va samarali hal etilishiga xizmat qilmoqda.
Bugun Sirdaryo viloyatida davlat xizmatlarini fuqaroga yaqinlashtirishga qaratilgan samarali tizim shakllandi. Mahalladagi sayyor qabullar, uyma-uy xizmatlar, onlayn muloqotlar va jonli teleefirlar yagona maqsad — har bir murojaatni qonuniy, adolatli va tezkor hal etishga xizmat qilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri