Muallim – jasorat va ishonch timsoli
FOTOREPORTAJ
Ma’lumki, aksariyat maktablarda ayol muallimlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Hayotiy qarashlar, intizom, mas’uliyat hissi shakllanadigan mazkur ta’lim-tarbiya bosqichida esa ayol o‘qituvchilar qatori erkaklarning o‘rni ham juda muhim.
Erkak va ayol o‘qituvchilarning birgalikda faoliyat olib borishi ta’lim jarayoniga muvozanat olib kiradi. Ayollar mehribonlik, sabr-toqat va vazminlik bilan ish tutsa, erkaklar qat’iyat, intizom va rahbarlik fazilatlari bilan vaziyatni boshqaradi. Shu bois, erkak muallimlar ko‘p bo‘lgan maktablarda o‘quvchilarda kuchli iroda, jasurlik, vatanparvarlik va mas’uliyat hissi yuqoriligi kuzatiladi.
Ta’lim-tarbiyaning tirgagi bo‘lgan ana shunday ustozlardan biri Farhod Nurmuratov Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanidagi 2-umumta’lim maktabida faoliyat yuritadi. Mazkur maktabda hozirda 810 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. 70 nafar pedagog yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga mas’ul.
Farhod Nurmuratov mehnat faoliyatini bank sohasidan boshlagan bo‘lsada, undagi pedagoglikka bo‘lgan qiziqish ustun kelib, 2010-2014 yillarda Guliston davlat universiteti Clovyan filologiyasi fakultetida tahsil oldi. O‘qishni tamomlaganidan buyon esa 2-umumta’lim maktabida rus tili fanidan o‘quvchilarga saboq berib kelayotir. O‘z kasbining bilimdoni bo‘lish bilan birga, u ta’lim sohasidagi barcha yangiliklarni maktab jamoasiga yetkazish va joriy etishda faollik ko‘rsatayotgani bilan e’tiborga tushgan. Shogirdlari orasida rus tili fanidan bilimlar bellashuvlari, fan olimpiadalarida faxrli o‘rinlarni egallab kelayotgan o‘g‘il-qizlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Muallimning doimiy izlanishi va o‘z ustida ishlashi nafaqat o‘quv jarayoni, balki shaxsiy yutuqlarida ham aks etgan. Jumladan, 2022 yilda rus tili fani o‘qituvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Eng yaxshi rus tili fani o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida birinchi o‘rinni egallagan. 2020 hamda 2025 yillarda “Zo‘r - klass” loyihasi doirasidagi sinovlarda qatnashib, A. I. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining TRKI-III C-1 xalqaro til bilish sertifikatini qo‘lga kiritgan.
[gallery-25563]
Muallimning shaxsiy hayoti ham ko‘pchilikka o‘rnak. U ibratli oila boshlig‘i, uch nafar farzandini bilimli, zukko va odobli etib tarbiyalamoqda.
Farhod Nurmuratov singari soha vakillarining fidokorona mehnati, yuksak bilim saviyasi, o‘z ustida doimiy ishlashi, o‘quvchilarni yuksak cho‘qqilar sari yetaklashi hamda hayotning qiyin sinovlariga toblashi – erkak o‘qituvchining maktab hayotidagi mustahkam o‘rni va beqiyos ahamiyatini yaqqol tasdiqlaydi. Zero, ular o‘quvchilar uchun kuch, jasorat va ishonch timsolidir.
Kamola Yusupova,
Shahriyor Ortiqboyev (surat), O‘zA