Mualliflik huquqi qonun himoyasida
Andijonda "Ijodkorlarning mualliflik huquqlari bo‘yicha savodxonligini oshirish" mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Viloyat adliya boshqarmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan davra suhbatida boshqarma mutaxassislari, huquqshunoslar, shoir, yozuvchi, jurnalist va blogerlar ishtirok etib, mualliflik huquqi, uni himoya qilish tartiblari, mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashildi.
Dastlab mutaxassislar tomonidan so‘nggi yillarida mamlakatimizda qonunchilikning boshqa sohalari qatori intellektual mulk huquqi qonunchiligi asoslarini mustahkamlash, huquq egalarining manfaatlarini muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, mualliflik huquqlarining buzilish holatlari bo‘yicha ma’lumot berildi.
Shuningdek, Qonunchilik palatasi tomonidan 2006 yil 23 martda qabul qilingan hamda Senat tomonidan 2006 yil 9 iyunda ma’qullangan O‘zbekiston Respublikasining "Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida"gi qonunning mazmun-mohiyati tushuntirildi.
[gallery-8405]
Qonunda belgilangan tartiblarga amal qilish, mualliflik huquqi himoyasini kuchaytirish, mazkur yo‘nalishdagi ishlarda jamoatchilik nazoratini, ijodkorlarning mas’uliyati va faolligini oshirish, umuman, bu boradagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish yuzasidan ishtirokchilar tomonidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
– Jamiyatimizda mazkur qonun normalariga qat’iy amal qilinishi, ayniqsa, ijodkorlar uchun muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Maxpuraxon Artiqova. – Faoliyatimiz davomida ko‘p hollarda mualliflik huquqining buzilish holatlariga duch kelamiz. Biroq bunga e’tibor qaratmaymiz, loqaydlik qilamiz. Nazarimda qonun normalarini to‘laqonli ishlashi uchun jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, avvalo, ijodkorlarning huquqiy savodxonligini oshirishga e’tibor qaratish lozim.
Davra suhbatida ijodkorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutasaddi va mutaxassislardan batafsil javob oldi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA